Adliya vazirligi sunʼiy intellektga asoslangan “Odil” chat-botini ishga tushirdi
Chat-bot davlat xizmatlaridan foydalanish tartiblarini tushuntiradi
Фото: iStock.com
Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari boʻyicha “Odil” chat-boti yaratildi. Telegram messenjeriga integratsiyalashgan va sunʼiy intellektga asoslangan chat-bot fuqarolarga davlat xizmatlari haqidagi maʼlumotlardan foydalanishni osonlashtirish uchun yaratilgan.
Uning ishga tushirilishi “1148” ishonch telefoni operatorlari yukini sezilarli darajada kamaytirish va foydalanuvchilarning soʻrovlariga real vaqt rejimida tezkor javob berish imkonini yaratadi.
Maʼlumot uchun, “1148” ishonch telefoni orqali 2024-yilda fuqarolarning 135 mingga yaqin qoʻngʻirogʻi qabul qilingan. Shundan qariyb 128 mingta murojaat yoki 95%i yuzasidan mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirish berilgan.
Chat-botning qanday imkoniyatlari bor?
- Davlat xizmatlaridan foydalanish tartiblari, talablar va jarayonlar haqida batafsil maʼlumotni taqdim etadi.
- Kerakli hujjatlar va arizalarni topishga yordamlashadi.
- Qaysi masala boʻyicha qayerga murojaat qilishni tushuntiradi.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, chat-bot vazirlik va “Mohirdev” kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida yaratilgan.
Kelajakda chat-botning funksional imkoniyatlari va faoliyat doirasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ