O‘zbekistonda Amazonning sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushiriladi
Kelishuv shu hafta imzolanishi, xizmat esa 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda
Foto: Raqamli texnologiya vazirligi
Oʻzbekistonda AQSHning Amazon kompaniyasi tomonidan yaratilgan Amazon Leo sunʼiy yoʻldosh interneti ishga tushiriladi. Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida maʼlum qildi.
Vazirning aytishicha, yaqin kunlarda sunʼiy yoʻldosh internetini ulash boʻyicha kelishuvga erishilishi kutilmoqda.
Amazon’ning Low earth orbit (Leo) interneti sifat, raqobat va baʼzi parametrlar jihatdan Starlinkʼdan oʻtib ham ketadi. Biz Amazon Leo internetini ishga tushiryapmiz. Shu hafta kelishuvni imzolaymiz. Keyin Amazon Leo terminallaridan Oʻzbekiston hududida bemalol foydalanish imkoniyati boʻladi. Uzoq, togʻli va choʻl hududlarining barchasida sifatli, yuqori tezlikda ishlaydigan mobil internetga ega boʻlasizlar, dedi vazir.
Sherzod Shermatov Oʻzbekistonda Amazon Leo 2026-yilda ishga tushirilishi mumkinligini bildirdi.
Kapital.uz avvalroq Amazonning “Kuiper” sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali yuqori tezlikdagi internet xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi.
2025-yilning oktabr oyida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShning Amazon Kuiper kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Suhbat davomida tomonlar O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish va keng polosali internet xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida esa Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Amazon Kuiper Commercial Services LLC o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangandi.
Ma’lumot uchun, Amazon Kuiper — Amazon korporatsiyasining sun’iy yo‘ldosh internet loyihasi bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmasi bo‘lib, Yer orbitasidagi (LEO) yo‘ldoshlar orqali butun dunyo bo‘ylab yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini taqdim etishni maqsad qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ