Xorijiy investorlar uchun Toshkent va Samarqandda “Kelajak metallari” texnoparklari ochiladi
Shuningdek, xorijiy investorlarga esa sanoatda $20 mlrdlik loyihalar va sun’iy intellekt uchun maxsus hudud taklif qilindi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Toshkent xalqaro investitsiya forumida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari” texnoparklari tashkil etilishini ma’lum qildi. Mazkur maydonlar strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratiladi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob foydali qazilmalar zaxiralariga boy bo‘lib, mamlakat yer osti boyliklarining umumiy qiymati qariyb $3 trlnga baholanmoqda.
Ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish maqsadida xorijiy investorlar uchun ochiq raqamli geologik ma’lumotlar bazasi yaratiladi, auksionga chiqariladigan konlar soni esa to‘rt baravar oshiriladi. Shuningdek, “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishga qaratilgan loyihalarga xorijiy sarmoyalar faol jalb etiladi.
Prezident, shuningdek, mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika va farmatsevtika kabi drayver tarmoqlarda $20 mlrdlik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni taklif qildi.
Forumda “yashil” energetika va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ham ustuvor sohalar sifatida qayd etildi. Xususan, investorlar quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar qurilishida hamkorlikka taklif etildi.
Prezidentning qayd etishicha, xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda kelgusi besh yil ichida sun’iy intellekt sohasida kamida $10 mlrdlik qo‘shimcha qiymat yaratilishini prognoz qilmoqda. Shu maqsadda Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona tashkil etilgan bo‘lib, unda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ