Andijon, Namangan va Samarqand milliondan ortiq aholiga ega shaharlarga aylantiriladi
Mamlakat yiliga kamida $10 mlrdlik uy-joy bozori va $27 mlrdlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini investorlarga taklif qilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha rejalarni ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston aholisi qariyb 40 mln nafarga yetgani jadal urbanizatsiya va yirik shaharsozlik dasturlarini amalga oshirishni talab etmoqda. Shu munosabat bilan 2040-yilgacha mamlakatda quriladigan uy-joylar sonini ikki baravar oshirish va urbanizatsiya darajasini hozirgi 51% dan 65% ga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu maqsadlar doirasida poytaxtga tutash hududda 2 mln aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent megapolisi barpo etilmoqda. Shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqand shaharlarini milliondan ortiq aholi yashaydigan yirik shaharlarga aylantirish bo‘yicha loyihalar ham boshlangan.
Prezidentning qayd etishicha, O‘zbekistonda uy-joy qurilishi loyihalari yiliga kamida $10 mlrdlik kafolatlangan bozorni shakllantiradi. Bundan tashqari, mamlakat infratuzilma sohasida umumiy qiymati $27 mlrd bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarini investorlar bilan birgalikda amalga oshirishga tayyor.
Davlat rahbari so‘nggi yillarda hududlar rivojlanishining asosiy drayverlaridan biri sifatida turizm va zamonaviy agrosanoat tarmoqlarini ham alohida qayd etdi.
Joriy yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 27% ga oshib, 5,5 mln nafarga yetgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat har yili 15–20 mln nafar chet ellik turistni qabul qilish va ularga kamida $15 mlrdlik turizm xizmatlarini ko‘rsatish salohiyatiga ega.
Shu munosabat bilan investorlar Samarqand, Buxoro va Xivadan tashqari boshqa hududlarda ham turizm sohasiga faol sarmoya kiritishga chaqirildi.
Qishloq xo‘jaligini ilg‘or agrobiznes tarmog‘iga aylantirish bo‘yicha ham izchil islohotlar davom etmoqda. Hozirda O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga $3,5 mlrdlik meva-sabzavot eksport qilmoqda.
Prezident forumda ishtirok etayotgan investorlarni mamlakatning 14 ta hududiga borib, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishga va o‘z texnologiyalari, tajribasi hamda sarmoyalari bilan o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, barcha hududlar rahbarlari investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ