O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bu yil $180 mlrddan oshishi kutilmoqda — Prezident
So‘nggi yilda iqtisodiyot 7,7% ga o‘sdi, mamlakatga $43 mlrd investitsiya jalb qilingandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, mamlakat investitsiyalar uchun tobora jozibador bo‘lib borayotganini qayd etdi.
Davlat rahbari global iqtisodiyot va kapital oqimlari keskin o‘zgarayotgan, savdo ziddiyatlari kuchayib borayotgan bir sharoitda investorlar, avvalo, tadbirkorlik huquqlari ishonchli himoya qilinadigan, iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan va keng imkoniyatlar mavjud bo‘lgan mamlakatlarni tanlashini ta’kidladi.
Shu nuqtayi nazardan, Yangi O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash va biznes uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentning qayd etishicha, 2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7% ga o‘sdi, iqtisodiyotga $43 mlrd investitsiya jalb qilindi. Milliy valyuta barqarorligi ta’minlanib, xalqaro zaxiralar hajmi $70 mlrddan oshdi.
Davlat rahbari to‘rt yil avval, birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 2026-yil yakuniga qadar mamlakat yalpi ichki mahsulotini $100 mlrdga yetkazish maqsadi qo‘yilganini eslatib, bugungi kunda iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida bu ko‘rsatkich joriy yilning o‘zida $180 mlrddan oshishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning xalqaro kredit reytinglari yil sayin yaxshilanib bormoqda. Joriy yilda mamlakat nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘onaga ko‘tarilib, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Prezidentning ta’kidlashicha, ushbu natijalar O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi sur’atlar va yangi imkoniyatlar bosqichiga kirganining yaqqol isbotidir.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ