Markaziy bank bozorning 22 mlrd so‘mgacha o‘sishi fonida islom moliyasining yettita standartini qabul qiladi

29-iyundan mamlakatda islom moliyasi bo‘yicha maxsus litsenziyalar, yangi nazorat tizimi hamda “islomiy darcha”lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Markaziy bank bozorning 22 mlrd so‘mgacha o‘sishi fonida islom moliyasining yettita standartini qabul qiladi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) doirasida O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov mamlakatda islom moliyasi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi. Uning aytishicha, joriy yilda AAOIFI xalqaro standartlari asosida yettitagacha yangi standart qabul qilinadi.

Nosirovning ta’kidlashicha, islom moliyasini joriy etish jarayoni uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda shariat tamoyillariga asoslangan mahsulotlar mikromoliya sektorida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda ushbu mexanizmlar kapital bozori va bank tizimiga kengaytiriladi.

Hozirda O‘zbekistondagi 12 ta mikromoliya tashkiloti mudaraba, murabaha, musharaka va ijara kabi islomiy moliyaviy mahsulotlarni taklif qilmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bunday xizmatlarni atigi sakkizta tashkilot ko‘rsatgan va ularning yillik aylanmasi 21 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Joriy yilning dastlabki besh oyida esa islomiy moliyalashtirish hajmi 22 mlrd so‘mdan oshdi. Bitimlarning asosiy qismi — 63 foizi murabaha tamoyili asosida amalga oshirilgan. Mudaraba bitimlari ulushi 17 foizni, musharaka esa 14 foizni tashkil etgan. Tashkilotlardan biri faqat mudaraba modeli asosida ishlamoqda va shu paytgacha 300 nafardan ortiq ayol tadbirkorning faoliyatini moliyalashtirgan.

29-iyundan kuchga kiradigan yangi qonunga muvofiq, islom moliyasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga maxsus litsenziyalar beriladi. Shuningdek, mamlakatda to‘liq islomiy banklar bilan bir qatorda an’anaviy banklar tarkibida alohida “islomiy darcha”lar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Markaziy bank islom moliyasi tizimi uchun ikki pog‘onali boshqaruv modelini joriy etishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, regulyator huzuridagi maxsus kengash sektorni muvofiqlashtirish va normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Moliyaviy tashkilotlarning o‘zida esa shariat talablariga rioya etilishini nazorat qiluvchi ichki organlar faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, Markaziy bank prudensial nazorat tizimini yaratish, aholi moliyaviy savodxonligini oshirish va soha uchun malakali kadrlar tayyorlash dasturlarini ham amalga oshirishni rejalashtirmoqda. 2025-yilda bu yo‘nalishda xorijiy hamkorlar bilan ishlash va tegishli huquqiy hujjatlarni tayyorlash uchun maxsus loyiha ofisi tashkil etilgan.

Forumda islom moliyasining istiqbollari ham muhokama qilindi. Mutaxassislar O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda islomiy moliyalashtirish bozorining o‘sish sur’atlari bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biriga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

AD Wealth boshqaruvchi hamkori Alisher Jumanovning fikricha, Fors ko‘rfazi davlatlari kapitalining kirib kelishi fonida O‘zbekistonda ham islomiy banklar va investitsiya fondlarining faolligi sezilarli darajada oshadi. Uning qayd etishicha, Islom taraqqiyot banki va boshqa ixtisoslashgan moliya institutlari vakillari allaqachon Markaziy bank bilan maslahatlashuvlarni boshlagan.

IMAN fintech kompaniyasi asoschisi Rustam Rahmatov esa mamlakat aholisining qariyb 95 foizi islom diniga e’tiqod qilishini, shu sababli fuqarolarning muayyan qismi an’anaviy kredit mahsulotlaridan foydalanmayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, islom moliyasi vositalarini rivojlantirish aholining bank xizmatlaridan foydalanish darajasini oshirish va norasmiy iqtisodiyotdagi fuqarolarni rasmiy moliya tizimiga jalb etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bu yil $180 mlrddan oshishi kutilmoqda — Prezident
/
O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti bu yil $180 mlrddan oshishi kutilmoqda — Prezident
Markaziy bank JCh-2026ga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi
/
Markaziy bank JCh-2026ga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi
O‘zbekiston 2035-yilgacha islomiy moliyasi rivojlanishi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylanishi mumkin
/
O‘zbekiston 2035-yilgacha islomiy moliyasi rivojlanishi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylanishi mumkin