Yarim yilda tadbirkorlarga nisbatan soliq tekshiruvlari 8,6 mingtaga kamaygan

Yilning birinchi yarmida nazorat tadbirlari bir qator idoralarda kamaygan, favqulodda va sanitariya nazoratida esa o‘sish qayd etilgan

Yarim yilda tadbirkorlarga nisbatan soliq tekshiruvlari 8,6 mingtaga kamaygan

O‘zbekistonda tadbirkorlar eng ko‘p to‘qnash keladigan asosiy nazorat idoralarida tekshirishlar soni ketma-ket bir necha oydan buyon barqaror ravishda kamayib bormoqda. Bu haqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning yanvar—iyun oylari davomida quyidagi idoralar tekshiruvlari kamaygan:

  • Soliq qo‘mitasi: nazorat tadbirlari eng katta ko‘rsatkichga, ya’ni 8 636 taga kamaydi (o‘tgan yilgi 59 725 tadan 51 089 taga tushdi).
  • O‘zagroinspeksiya: tekshiruvlar soni 437 taga kamayib, barqaror pasayish trendini saqlab qoldi.
  • Qurilish va kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi: nazorat tadbirlari 365 taga kamaydi.
  • Adliya vazirligi: tekshiruvlar soni sezilarli darajada — 305 taga qisqardi.
  • Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi: nazorat faoliyati qariyb 4,4 barobarga (218 taga) kamayib, bor-yo‘g‘i 64 tani tashkil etdi.

Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda xavfsizlik va aholi salomatligini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlarining faollashgani kuzatilmoqda. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tizimida ketma-ket 2-3 oydan buyon o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida tekshiruvlar soni o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda ko‘paygan.

Ushbu ko‘rsatkichlar tadbirkorlarga asossiz bosim o‘tkazishga xizmat qilmasligi lozim. Devon tomonidan mazkur idoralarning har bir tekshiruvi asosliligi va qonuniyligi qat’iy nazoratga olinadi va tadbirkorlarning qonuniy huquqlari ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Biznes-ombudsman asossiz tekshiruvlar yoki ortiqcha to‘siqlarga duch kelgan tadbirkorlar qonuniy manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“O‘zbekneftgaz” dizel yoqilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlarini bajara olmadi
/
“O‘zbekneftgaz” dizel yoqilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlarini bajara olmadi
Qish mavsumi uchun 120 ming tonna benzin zaxirasi yaratiladi
/
Qish mavsumi uchun 120 ming tonna benzin zaxirasi yaratiladi
Samarqand 2030-yilgacha zamonaviy “yashil shahar”ga aylantiriladi
/
Samarqand 2030-yilgacha zamonaviy “yashil shahar”ga aylantiriladi