Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarning P2P o‘tkazmalari bo‘yicha tekshiruvlarga izoh berdi

Unga ko‘ra, savdo faoliyatida plastik kartalar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari orqali yashirilgan daromadlar tahlil qilinmoqda

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarning P2P o‘tkazmalari bo‘yicha tekshiruvlarga izoh berdi

Soliq qo‘mitasi savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda savdo amaliyotlari P2P — plastik kartadan plastik kartaga pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan holatlar tahlil qilinayotganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda soliq inspektorlari fuqarolarning barcha kartalarini tekshirishga kirishgani va tez-tez pul o‘tkazmalari sababli odamlarni so‘roqqa chaqirayotgani, har bir tushum uchun tushuntirish xati yozish talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqalgach, qo‘mita holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, bunday operatsiyalar orqali tushgan ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmasligi natijasida davlat byudjetiga tegishli tushumlar to‘liq shakllanmay qolmoqda. Shu munosabat bilan soliq organlari tomonidan yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda.

Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida aks ettirilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda hamda soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.

“Bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki iqtisodiy adolatni taʼminlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va halol mehnat qilib, qonun doirasida ish yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Chunki har bir to‘langan soliq — bu mamlakat taraqqiyoti, yangi yo‘llar, maktablar, shifoxonalar va xalq farovonligi uchun qo‘yilgan hissadir”, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 9-avgustdan tijorat banklari uchun ichki nazorat qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kiradi. Unda gumonli va shubhali operatsiyalarning yangi mezonlari ham nazarda tutilgan bo‘lib, 16 yoshga to‘lmaganlar hisobvarag‘iga 16,5 mln so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushishi yoki yechib olinishi gumonli operatsiya sifatida baholanadi.

Kapital.uz avvalroq hisob ochmasdan amalga oshiriladigan tranzaksiyalar uchun yagona limit qiymati 206 mln so‘mdan 175 mln so‘mgacha pasaytirilgani haqida xabar bergandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Future Open Technologies “Open bank”ning qolgan ulushlarini ham sotib oldi
/
Future Open Technologies “Open bank”ning qolgan ulushlarini ham sotib oldi
O‘zbekistonda minimal ish haqini 2030-yilgacha 2,1 mln so‘mga yetkazish taklif qilindi
/
O‘zbekistonda minimal ish haqini 2030-yilgacha 2,1 mln so‘mga yetkazish taklif qilindi
“Tashabbusli budjet” loyihalarining yarim puli yig’ilsa, qolgan qismi avtomatik ajratiladi
/
“Tashabbusli budjet” loyihalarining yarim puli yig’ilsa, qolgan qismi avtomatik ajratiladi