O‘zbekistonda soliq imtiyozlari hajmi 30% dan ko‘proqqa oshdi
Imtiyozlarning asosiy qismi QQS hissasiga to‘g‘ri keladi, bunda ularning qariyb 85%i soliq xarajatlari deb hisoblanmaydi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil 30-iyul kuni Toshkentda Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlil instituti tomonidan ilk bor “Fiskal muloqot” tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda Kapital.uz muxbiri xabar berdi.
Tadbir davomida institut mutaxassislari soliq va bojxona imtiyozlari bo‘yicha dastlabki tahlil natijalari hamda soliq va budjet siyosatini takomillashtirishga oid takliflarni taqdim etdi.
Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda soliq va bojxona imtiyozlarining umumiy hajmi 178,2 trln so‘mni tashkil etgan. Bu 2024-yildagi 135,8 trln so‘mga nisbatan 31,2% ga ko‘p.
Shundan 119,1 trln so‘m Soliq qo‘mitasi tomonidan ma’murlashtiriladigan imtiyozlar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu bir yil avvalgiga nisbatan 43% ga oshgan. Bojxona qo‘mitasi tomonidan ma’murlashtiriladigan imtiyozlar esa 59,1 trln so‘mni tashkil etib, 12,6% ga o‘sgan.
Imtiyozlarning eng katta qismi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ularning hajmi 114,6 trln so‘m yoki umumiy imtiyozlarning 64% ini tashkil etgan.
Shu bilan birga, institut mutaxassislari ushbu summaning qariyb 85% ini qat’iy ma’noda budjetning yo‘qotilgan daromadi, ya’ni soliq xarajati sifatida baholab bo‘lmasligini ta’kidladi. Sababi, bu QQS tizimining asosiy elementlari, jumladan eksport uchun nol stavka qo‘llanishi hamda moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini QQSdan ozod etishni o‘z ichiga oladi.
Mutaxassislar “soliq imtiyozi” va “soliq xarajati” tushunchalarini bir-biridan farqlash zarurligini qayd etdi. Ularning fikricha, amaldagi barcha imtiyozlar ham budjet daromadlarining kamayishiga olib keladigan soliq xarajatlari hisoblanmaydi.
Foyda solig‘i bo‘yicha eng katta imtiyoz hajmi xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan ozod etishlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bunday imtiyozlarni hisobga olish amaliyoti faqat 2025-yildan yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun belgilangan nol stavka 1,7 trln so‘mlik imtiyoz taqdim etgan. Bu foyda solig‘i bo‘yicha jami imtiyozlarning qariyb yarmiga teng.
Jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha 2025-yilda 18,7 ming nafar ish beruvchi xodimlarning ta’lim xarajatlarini, jumladan xususiy bog‘chalar, malaka oshirish va qayta tayyorlash bilan bog‘liq to‘lovlarni soliqqa tortishdan ozod etish imkoniyatidan foydalangan. Mazkur imtiyozlarning umumiy hajmi 248 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Yana 10,1 ming nafar ish beruvchi xodimlarga berilgan moddiy yordamni soliqqa tortishdan ozod qilish bo‘yicha imtiyozdan foydalangan. Ushbu to‘lovlarning umumiy hajmi 262 mlrd so‘mga yetgan.
Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha eng ommabop imtiyoz 2% lik pasaytirilgan stavkani qo‘llash bo‘lgan. Undan 31 mingdan ortiq tadbirkor foydalangan. Asosan, aholisi 100 ming nafardan kam bo‘lgan hududlardagi chakana savdo korxonalari ushbu imtiyozdan foydalangan. Imtiyozlarning umumiy hajmi 106 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Tahlil yakunlariga ko‘ra, institut mutaxassislari iqtisodiy o‘sish, bandlik, hududlarni rivojlantirish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sirini inobatga olgan holda har bir soliq turi bo‘yicha soliq imtiyozlari samaradorligini baholash metodikasini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlarni faqat Bojxona kodeksiga o‘zgartirish kiritish orqali taqdim etish taklif qilindi. Mutaxassislar fikricha, bu bojxona-tarif siyosatining shaffofligi va barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ