Soliq qo‘mitasi gastronomiya uchun nol stavkadagi QQS haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Bu haqdagi masalasi hali muhokama bosqichida bo‘lib, aniq qaror qabul qilinmagan
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) nol darajaga tushirish bo‘yicha hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda gastronomiya sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro tajribalar muhokama qilingan. Ayrim davlatlarda restoran va kafelarga soliq imtiyozlari berilishi, biroq buning uchun biznes tomonidan aniq talablar bajarilishi lozimligi ta’kidlangan.
Bunday shartlar qatoriga ma’lum miqdorda ish o‘rinlari yaratish, ish haqi darajasini saqlash hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy mezonlarga rioya etish kiradi.
Soliq qo‘mitasi vakillari muhokamalar faqat xalqaro tajribani o‘rganish doirasida o‘tkazilganini bildirib, QQSni bekor qilish yoki nol stavka joriy etish bo‘yicha hozircha hech qanday normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmaganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, tadbirkorlarga sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirish tavsiya etilgan. Ushbu tashabbuslar asosida davlat biznes manfaatlari va byudjet barqarorligini hisobga olgan holda muvozanatli qaror ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov ayrim shartlar bajarilganda QQSni nolga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini bildirgan edi. Unga ko‘ra, korxonalar standart yoki imtiyozli stavkani tanlash imkoniga ega bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiev mavjud soliq imtiyozlarining aksariyati aniq maqsadga yo‘naltirilmaganini qayd etib, ularni faqat biznes tomonidan majburiyatlar bajarilganda berish taklifini ilgari surgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ