Umumiy ovqatlanish sohasida nol foizlik QQS joriy etilishi mumkin
Belgilangan talablarni bajargan tadbirkorlarga standart va imtiyozli soliq rejimi o‘rtasida tanlov beriladi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) bekor qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, soliq organlari xalqaro tajribani, jumladan Rossiya amaliyotini o‘rganmoqda. Unga ko‘ra, restoran va kafelar uchun ma’lum yillik daromad, tushum ulushi hamda ish haqi darajasi talablariga rioya qilinganda nol foizlik QQS stavkasi qo‘llanadi.
Farrux Pulatovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ham bunday tizimni joriy etish tadbirkorlar tomonidan muayyan majburiyatlar qabul qilinishiga bog‘liq bo‘ladi. Xususan, korxonalar belgilangan miqdorda ish o‘rinlarini saqlashi va ma’lum daromad darajasini ta’minlashi lozim. Masalan, kamida 20 nafar xodimga maosh to‘lash va zarur tushumni shakllantirish sharti bilan korxonalar QQS to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Taklifga ko‘ra, biznes subyektlari o‘zlari uchun maqbul soliq rejimini tanlash imkoniga ega bo‘ladi. Nol stavkaga o‘tish uchun bir vaqtning o‘zida moliyaviy aylanma va xodimlar soni bo‘yicha minimal talablarga javob berish talab etiladi. Bunda tadbirkorlar uchun faqat 12% ijtimoiy soliq va 15% foyda solig‘i amal qiladi.
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdievning qayd etishicha, amaldagi imtiyozlarning aksariyatida aniq mezonlar belgilanmagan. Shu sababli yangi yondashuv soliq yengilliklarini biznes ko‘rsatkichlari bilan bog‘lashni nazarda tutadi.
Farrux Pulatov ushbu tashabbus bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishdan oldin soha vakillari bilan qo‘shimcha muhokamalar o‘tkazishni taklif etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ