Sobiq davlat xizmatchilariga nazorat qilgan tashkilotlarda ishlashga cheklov joriy etiladi
Ishdan bo‘shaganidan keyin 2 yil davomida ular bilan bog‘liq kompaniyalarga ishga kirish uchun antikorrupsiya organi roziligi talab etiladi
O‘zbekistonda sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishga oid yangi cheklovlar tizimi joriy etiladi hamda respublikaning barcha hududlari uchun korrupsiyaviy xavf xaritalari ishlab chiqiladi. Bu haqda 2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida ma’lum qilingan.
Hisob palatasi may oyigacha sobiq rahbarlarni tekshirish tartibini ishlab chiqadi. Unga ko‘ra, davlat xizmatidan ketganidan keyin ikki yil davomida ular ilgari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita nazorat qilgan tashkilotlarda antikorrupsiya nazorati organining oldindan roziligisiz ishlashi taqiqlanadi.
2026-yil sentabrigacha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi “Risk-komplaens” tizimi asosida raqamli xavf xaritalarini yaratadi. Tahlillar 160 ta soha hamda 208 ta shahar va tumanlarni qamrab oladi. Vaziyatni monitoring qilishda sun’iy intellektdan foydalanilib, yiliga 15 mingtagacha murojaatni qayta ishlash rejalashtirilgan.
Oktyabrgacha 2 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganilib, huquqiy bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 30 ming nafar davlat xizmatchisi malaka oshiradi.
2026-yil davomida davlat ulushi mavjud 32 ta vazirlik va yirik kompaniyalarda komplaens-nazorat bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimlari joriy etiladi. Bu o‘zgarishlar Uzbekistan Airways, Uzbekistan Airports, NGMK, AGMK, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzavtosanoat” hamda sog‘liqni saqlashdan tortib raqamli texnologiyalargacha bo‘lgan muhim vazirliklarni ham qamrab oladi.
Aprel oyiga qadar korrupsiyaga qarshi choralar bo‘yicha hisobotlar e’lon qilinadigan maxsus mediaportal ishga tushiriladi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun “Biznesning korrupsiyaga qarshi xartiyasi” milliy platformasi yaratiladi. Faoliyati shaffofligi tasdiqlangan kompaniyalar reklama va veb-saytlarda foydalanish uchun maxsus “compliance mark” belgisi bilan taqdirlanadi. Mazkur tashabbusga mingdan ortiq biznes subyektlari qo‘shilishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ