Shvetsiya va O‘zbekiston o‘rtasida ilk bor migratsiyaga oid bitim imzolandi
Kelishuv mehnat bozoriga kadrlar tayyorlash, talaba va tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv imkoniyatini kengaytirishni nazarda tutadi
Foto: Migratsiya agentligi
O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya sohasida ilk hukumatlararo bitimni imzoladi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Shvetsiya Qirolligi Hukumati o‘rtasida “Migratsiya va mobillik to‘g‘risida”gi bitim hamda migratsiya va mobillik bo‘yicha uch yillik pilot dasturni amalga oshirish yuzasidan qo‘shma deklaratsiya imzolangan.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, mazkur hujjatlar o‘zbekistonliklar uchun Shvetsiyada qonuniy ishlash, o‘qish va yashash imkoniyatlarini tartibga soluvchi davlat tomonidan kafolatlangan huquqiy mexanizm hisoblanadi.
Tomonlar tibbiyot, texnika, xizmat ko‘rsatish va parvarish sohalaridagi malakali mutaxassislarni Shvetsiya mehnat bozori talablari asosida tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, o‘zbekistonlik nomzodlarni shved ish beruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash mexanizmlari yaratiladi.
Bitim doirasida talabalar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim va tajriba almashinuvini rivojlantirish ham nazarda tutilgan.
Hujjatlarga muvofiq, mehnat migratsiyasi ishtirokchilari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar joriy etiladi. Shuningdek, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va diplomatik pasport egalari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy etish rejalashtirilgan.
Tomonlar noqonuniy migratsiya, odam savdosi va hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma mexanizmlarni ham kuchaytirishga kelishib olgan.
Migratsiya agentligi qayd etishicha, imzolangan hukumatlararo bitim ikki mamlakat o‘rtasida mehnat migratsiyasi va mobillik sohasidagi hamkorlikning huquqiy poydevorini yaratadi. Hujjat malakali kadrlar mobilligi, ularni shved ish beruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash, mehnat migratsiyasi jarayonlarini xavfsiz va shaffof tashkil etishga qaratilgan.
Migratsiya va mobillik bo‘yicha uch yillik pilot dastur Xalqaro migratsiya tashkiloti ishtirokida amalga oshiriladi. Uning doirasida Shvetsiya mehnat bozori ehtiyojlari o‘rganiladi, shved tili va kasbiy tayyorgarlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shvetsiya xalqaro taraqqiyot hamkorligi va tashqi savdo vazirligi davlat kotibi Diana Yansening ta’kidlashicha, imzolangan kelishuvlar qonuniy, xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bu fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va qonuniy migratsiya kanallarini kengaytiradi. Shvetsiya Adliya vazirligi va O‘zbekiston Migratsiya agentligi o‘rtasidagi hamkorlik samarali davom etmoqda. Biz migratsiya masalalarida aniq natijalarga erishish va ushbu kelishuvlardan maksimal foyda olishni maqsad qilganmiz, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar Shvetsiya tomonida ham hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish uyg‘otmoqda.
Bu masalaning huquqiy asoslarini mustahkamlash ham Shvetsiya, ham O‘zbekiston hukumatlari uchun muhim ahamiyatga ega, — dedi Diana Yanse.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ