Sho‘rtan GKM loyihasida 643 mlrd so‘mlik talon-torojlik aniqlandi
Soliq qo‘mitasi va “O‘zbekneftgaz” ishtirokida noqonuniy hisoblangan QQS mablag‘lari ham qaytarilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Soliq qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” va ayrim xususiy korxonalar mas’ullari ishtirokidagi 643 mlrd so‘mlik talon-toroj fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Departament tomonidan Soliq qo‘mitasi komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “SH.G.” MCHJ, “S.E.” MCHJ QK, “A.” MCHJ va “E.E.” MCHJ QKning O‘zbekistondagi doimiy muassasasi mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgan.
Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo‘yicha berilgan 5,3 trln so‘mlik xizmatlar QQSdan ozod etilgan bo‘lsa-da, QQS summasini elektron hisob-fakturalarga noqonuniy kiritib, byudjetda asossiz ravishda QQS mablag‘ini hosil qilib, ushbu mablag‘ni “A.” MCHJning hisob raqamiga qaytarilishiga va “S.E.” MCHJ QKning davlat oldidagi kreditorlik qarzdorliklarining yo‘q qilinishiga erishgan.
Buning oqibatida 643,2 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ