Prezident tomonidan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun imzolandi
Renovatsiya uchun mulkdorlarning 80% roziligi talab etiladi va kompensatsiya ko‘chmas mulk yoki pul shaklida taqdim etiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun 10-iyun kuni prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joylarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holatiga kelib qolganligi, hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi.
Shaharsozlik renovatsiyasi quyidagi turlardan iborat:
- mavjud obyektni asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
- mavjud obyektni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida buzilgan obyekt toifasidagi yangi obyektni qurish;
- yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha taklif quyidagi subyektlar tashabbusiga ko‘ra kiritilishi mumkin:
- davlat tashabbusiga ko‘ra;
- huquq egalarining tashabbusiga ko‘ra;
- uchinchi shaxslarning tashabbusiga ko‘ra.
Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.
Renovatsiyani amalga oshirishda mulk egalarining roziligi olinishi lozim
Qonunga ko‘ra, huquq egalari bilan ochiq muhokama renovatsiya loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilgan kundan e’tiboran 2 oy ichida o‘tkaziladi. Ochiq muhokamada obyektlarni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir obyekt egalarining kamida 4/5 qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish renovatsiyani amalga oshirishning majburiy shartlaridan biridir.
Huquq egasi renovatsiya loyihasini amalga oshirishda o‘z xohishiga ko‘ra kompensatsiya olishi yoki hissa qo‘shuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Kompensatsiya quyidagi shakllarga ega bo‘lgan ketma-ketlikda bo‘lishi mumkin:
- shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish;
- boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish;
- pul mablag‘lari;
- kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar.
Qonun haqida
Shaharsozlik renovatsiyasi maʼlum hududdagi eskirgan binolar va infratuzilmani yangilashni nazarda tutadi. Hozirgacha renovatsiya jarayonlarini tartibga soladigan yagona qonun mavjud emas edi. “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun Senat tomonidan 7-aprel kuni ma’qullangandi.
O‘zbekistonda 1,4 mln xonadonni o‘z ichiga olgan 42 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, ularning qariyb 74%i 1991-yilgacha qurilgan. Renovatsiya doirasida 17 mingta eski 2−3 qavatli uylar (taxminan 255 ming xonadon) o‘rniga muhandislik, ijtimoiy infratuzilma va yashil hududlarga ega bo‘lgan zamonaviy 7−9 qavatli uylar qurish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ