O‘zbekistonlik quruvchilar Serbiyada temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qiladi
Hamkorlik doirasida 200 kilometrlik temiryo‘l uchastkasini qurish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonlik quruvchilar Serbiyada temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jumladan, 200 kilometrlik temiryo‘l uchastkasini qurishda ishtirok etadi.
Ma’lum bo‘lishicha, 7-sentyabr kuni, prezident tashrifi arafasida O‘zbekiston—Serbiya hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Serbiya xalqaro iqtisodiy aloqalar vaziri Nenad Popovich hamraislik qildi. Unda, shuningdek, ikki tomonning tegishli vazirliklari, idoralari va hududlari vakillari ishtirok etdi. Kun tartibi bir nechta ustuvor yoʻnalishni qamrab oldi. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sunʼiy intellekt, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, transport, turizm, madaniyat, akademik almashinuv va mehnat migratsiyasi masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, savdoni yanada liberallashtirish boʻyicha muhim qadam tashlangani ma’lum qilindi. Erkin savdo toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralarni boshlash uchun kelishuvga erishildi. Bu mexanizm tovar va xizmatlarni oʻzaro yetkazib berish, savdo tartiblarini soddalashtirishi va tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.
Biz bir qator kelishuvlarga erishdik. Birinchidan, savdoga toʻgʻridan toʻgʻri foyda beradigan mexanizm bu erkin savdo bitimi boʻyicha ishlarni boshladik. Tez orada bitim loyihasi boʻyicha ishlarni yakunlab, uni imzolaymiz va bu orqali Oʻzbekiston mahsulotlariga Serbiya bozorida jozibador sharoitlar yaratiladi. Bundan tashqari, biz sanoat kooperatsiyadan ham alohida dasturni qabul qildik. Bu dastur doirasida biz yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, geologiya va metallurgiya va IT yoʻnalishlarida aniq loyihalarni belgilab oldik, deydi Laziz Qudratov.
Vazirga ko‘ra, o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar va quruvchilar Serbiyada temiryo‘l loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi va Serbiya tomoni hamkorligida mamlakat hududidagi temiryo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jumladan, 200 kilometrlik temiryo‘l uchastkasini qurish ishlari rejalashtirilmoqda.
Ertaga ikki prezident uchrashuvlaridan keyin bu boʻyicha protokol imzolanadi. Ikkita loyiha, ikkita marshrut boʻyicha hozir transport vazirliklari gaplashyapti va bu biz uchun juda katta imkoniyat, deydi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri.
Laziz Qudratov mazkur tashabbus O‘zbekiston quruvchilarining Yevropa bozoriga chiqishi va qit‘ada yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishi yo‘lidagi ilk tarixiy qadam bo‘lib, kelgusida bu kabi yirik loyihalarni davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratishini qayd etdi.
Ma’lum qilinishicha, yigʻilish yakunida sanoat sherikligini rivojlantirish boʻyicha 2028-yillarga moʻljallangan qoʻshma harakatlar rejasi imzolandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ