Senat ruxsatsiz ko‘p qavatli uy qurganlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi

Endilikda qurilish inspeksiyasi ruxsatisiz ko‘p qavatli uy qurganlarga 185,4 mln so‘mgacha jarima belgilanishi mumkin

Senat ruxsatsiz ko‘p qavatli uy qurganlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Senati qurilish sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan qurilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi, Qurilish inspeksiyasining vakolatlari kengaytirilishi hamda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma olish tartibi joriy etilishi nazarda tutilgan.

Senator Kobul Tursunovning ma’lum qilishicha, Bosh prokuratura tomonidan 2017–2024-yillarda qurilgan 8974 ta va 2025-yilda barpo etilgan 2559 ta ko‘p kvartirali uy-joyning zilzilabardoshligi o‘rganilgan.

Tekshiruvlar davomida 3107 ta uy-joyning loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilmagani, 1434 tasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagani hamda 185 ta binoga noqonuniy qo‘shimcha qavat qurilgani aniqlangan.

Shuningdek, 2023-yil 1-iyuldan boshlab o‘zboshimcha qurilgan obyektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanganiga qaramay, shundan keyin ham 213 ta noqonuniy qurilish holati qayd etilgan.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Shaharsozlik kodeksi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, Qurilish inspeksiyasining ruxsatisiz ko‘p kvartirali uy-joylar qurgan fuqarolarga BHMning 400 baravari (164,8 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa BHMning 450 baravari (185,4 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi. Mazkur qoidabuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilgan taqdirda, aybdorlar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Qonun bilan master reja Shaharsozlik kodeksida alohida shaharsozlik hujjati sifatida mustahkamlanmoqda. U hududlarning shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik rivojlanish yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Bundan tashqari, ko‘priklar, tunnellar hamda xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni loyihalash va qurish bo‘yicha ayrim litsenziyalarning muddatsiz amal qilishi bekor qilinmoqda. Qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha amaldagi xabardor qilish tartibi esa ruxsatnoma olish tizimiga almashtiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, Qurilish inspeksiyasiga qurilish-montaj ishlarini boshlash va obyektlarni foydalanishga topshirishga ruxsat berish, qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik xavfsizligini nazorat qilish, texnik hamda mualliflik nazoratini tekshirish, qoidabuzarlarga nisbatan choralar ko‘rish, obyektlarni elektron texnik pasportlar asosida seysmik zaifligi bo‘yicha tasniflash kabi vakolatlar beriladi.

Senatorning ta’kidlashicha, qonun mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, seysmik xavfsizlikni kuchaytirish hamda bu boradagi davlat nazoratini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“O‘zbekneftgaz” dizel yonilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarini bajara olmadi
/
“O‘zbekneftgaz” dizel yonilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarini bajara olmadi
Centrum Holding 2027-yilda London fond birjasida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda
/
Centrum Holding 2027-yilda London fond birjasida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish masalasini muhokama qildi
/
O‘zbekiston va Belarus o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish masalasini muhokama qildi