Ekologiya vazirligi: Sea Breeze Uzbekistan loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi
Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, loyiha ularga rasmiy tarzda yuborilmagan
23-iyul kuni Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hozircha vazirlikka loyiha bo‘yicha rasmiy hujjatlar kelib tushmaganini ma’lum qildi.
Bu hozir, ochig‘ini aytganda, faqatgina bizga norasmiy ravishda og‘zaki aytilyapti. Shuning uchun biz iltimos qildikki, hujjatni olib kelsin. Hujjat bo‘lgandan keyin biz o‘zimizning ham, Qurilish vazirligi, Suv xo‘jaligi, o‘zining tegishli inspeksiyalari, Ekologik ekspertiza markazi, hamma tegishli vazirlik va idoralar o‘zining e’tirozlarini yoki o‘zining takliflarini bildira oladi, — dedi Abduhakimov.
Ekologiya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar loyiha rasman taqdim etilsa, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Uni kelgandan keyin biz, albatta, jamoat muhokamasiga qo‘yamiz, hamma ko‘rsin shuni. Uni qanaqadir berkitib, kechasi shunday qo‘l qo‘yib chiqarib yuboradigan, menimcha, hech kim yo‘q o‘zi respublikada, — deydi Abduhakimov.
U, shuningdek, tadbirkor Emin Agalarov O‘zbekistonga taklif etilganiga izoh berdi. Ta’kidlanishicha, u o‘zidan-o‘zi kelib Chorvoqda quraman demagan, aksincha, tajribali bo‘lganligi uchun, u juda ham bir ekologik standartlarga javob beradigan qurilishlarni qilganligi uchun ham O‘zbekistonga taklif etilyapti. Shuningdek, Agalarov Development rahbariga mintaqaning boshqa davlatlari va Yevropa ham qiziqish bildirmoqda.
Xulosa o‘rnida vazir jamoatchilikni erta baho berishdan saqlanishga chaqirdi.
Bizlar oldin bir ko‘raylik taklifini “yo‘q” deyishdan oldin. Oldin taklifini bersin, ko‘raylik o‘zi nima taklif qilayotganini. Hali ko‘rmasdan turib “yo‘q” deyishimiz, menimcha, bu aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsa, — deya ta’kidladi Aziz Abduhakimov.
Ekologiya vaziri Toshkentda Sea Breeze Uzbekistan vakolatxonasi ochilishiga ham izoh berib, uning faoliyati haqida rasmiy ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi.
To‘g‘risini aytsam, Sea Breeze Uzbekistan ofisi ochilganini men ham ko‘rdim, faqat OAVdagi rasmda. Keyin bugun mashinada ketayotganimda S-1 da ochilganini ko‘rdim, — dedi Abduhakimov.
Men ham xuddi siz kabi bu yer qanaqa joy ekaniga qiziqdim. Ular menga bu o‘z loyihalarida taklif qilingan kvartiralar sotiladigan ofis ekanini tushuntirishdi. Ya’ni o‘zbekistonliklarni u yerdan uy sotib olishga taklif qilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ