O‘zbekistoda sanoat ishlab chiqarish hajmi 505,9 trln so‘mga yetdi
Yil boshidan buyon sanoat hajmi 7,9% ga oshib, mamlakatda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari soni esa 62 mingdan oshdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi joriy narxlarda 505,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,9% ga ko‘p, deya xabar bermoqda Milliy statistika qo‘mitasi.
1-iyun holatiga ko‘ra, respublikada 62 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning eng katta qismi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur yo‘nalishda 12,4 mingta yoki jami korxonalarning 20%i faoliyat yuritmoqda.
Keyingi o‘rinlarni boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish (8,7 mingta, 14%), kiyim ishlab chiqarish (6,2 mingta, 10,1%), tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish (5,1 mingta, 8,2%), mebel ishlab chiqarish (4,3 mingta, 6,9%), to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish (3,8 mingta, 6,1%) hamda rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqarish (2,9 mingta, 4,7%) egallagan.
Sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu yo‘nalishda 436,2 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, uning jami sanoatdagi ulushi 86,2% ni tashkil etdi.
Shuningdek, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash hajmi 34,7 trln so‘m (6,9%), elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash 32,4 trln so‘m (6,4%), suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish esa 2,7 trln so‘m (0,5%)ni tashkil etdi.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Navoiy viloyati yetakchilik qilmoqda. Bu hududda mazkur ko‘rsatkich 115,4 mln so‘mni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri (25,6 mln so‘m) va Toshkent viloyati (25,3 mln so‘m) qayd etilgan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 13,2 mln so‘mni tashkil etdi.
Hisobot davrida aholi jon boshiga sanoat ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati respublika bo‘yicha 105,9% ni tashkil etdi. Bu borada Jizzax viloyati 110% lik o‘sish bilan eng yuqori natijani qayd etdi. Shuningdek, Samarqand viloyati (107,5%) va Andijon viloyati (107,4%) ham respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori o‘sishga erishgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ