Moody’s reytingining oshishi O‘zbekistonga arzon moliyalashtirish imkonini beradi — Saida Mirziyoyeva

Prezident Administratsiyasi rahbari reytingning yaxshilanishi arzonroq moliyalashtirish, yangi korxonalar va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi

Moody’s reytingining oshishi O‘zbekistonga arzon moliyalashtirish imkonini beradi — Saida Mirziyoyeva

Kapital.uz avvalroq Moody’s Ratings O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirib, “Ba2” darajasiga ko‘targani va prognozni “barqaror” deb baholagani haqida xabar bergan edi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, suveren kredit reytingining oshirilishi mamlakat iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha izchil amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.

Uning qayd etishicha, reytingning yaxshilanishi O‘zbekistonga xalqaro moliya bozorlarida mablag‘larni yanada qulay shartlarda jalb qilish, arzonroq moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lish hamda xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bu yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, yangi korxonalar tashkil etish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.

Saida Mirziyoyeva yaqin istiqboldagi asosiy vazifa sifatida raqobatbardosh va ochiq iqtisodiyotni shakllantirish hamda fuqarolar uchun barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash ekanini qayd etdi.

Avvalroq Moody’s Ratings O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini “Ba3”dan “Ba2”ga oshirganini ma’lum qilgan edi. Agentlik bunga iqtisodiyotning diversifikatsiyalanishi va budjet taqchilligining 2023-yildagi 4% dan 2025-yilda 2% gacha qisqarganini asosiy omillar sifatida ko‘rsatgan.

Hisobotda energiya subsidiyalari isloh qilinishi natijasida tabiiy gaz bo‘yicha subsidiyalar YAIMga nisbatan 1,4% dan 0,3% gacha kamaygani, 2027–2028-yillarga borib esa energiya xarajatlarini tariflar hisobidan to‘liq qoplash rejalashtirilayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, 2026-yil may oyida Milliy investitsiya jamg‘armasining London va Toshkent fond birjalaridagi ikki tomonlama listingi natijasida $691 mln jalb etilgani ham reytingning yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri sifatida baholangan.

Bundan tashqari, mamlakat tavakkalchiligi bo‘yicha baholar ham qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, milliy valyutadagi majburiyatlar reytingi “Baa3”, xorijiy valyutadagi majburiyatlar reytingi esa “Ba2” darajasiga ko‘tarildi.

Moody’s prognoziga ko‘ra, 2026–2027-yillarda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,1–6,3% atrofida shakllanadi. Agentlik bu ko‘rsatkichni xalqaro taqqoslashda yuqori daraja sifatida baholagan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Tijorat banklarining muammoli kreditlari 23,6 trln so‘mdan oshdi
/
Tijorat banklarining muammoli kreditlari 23,6 trln so‘mdan oshdi
O‘zbekiston bank tizimining sof foydasi 8,5 trln so‘mdan oshdi
/
O‘zbekiston bank tizimining sof foydasi 8,5 trln so‘mdan oshdi
Moody’s O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “Ba2” darajasiga oshirdi
/
Moody’s O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “Ba2” darajasiga oshirdi