O‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minov Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi
Tadbirkor Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasi yetkazib berishga aloqador deb hisoblanmoqda
Фото: «РИА Новости»
Yevropa Ittifoqi 23-oktabr kuni qabul qilingan 19-sanksiyalar paketiga o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovni ham kiritdi.
E’lon qilingan kartochkaga ko‘ra, Mo‘minov O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega.
YeI hujjatida qayd etilishicha, Mo‘minov (1965-yilda tug‘ilgan)ning cheklovlarga uchrashi Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq.
Bryusselning baholashicha, u Farg‘onadagi Farg‘ona Kimyo Zavodi paxta sellyulozasi zavodini nazorat qiladi. Uning mahsulotlari Perm va Qozon porox zavodlariga yetkazib berilishi aytilmoqda. Bu materiallar Rossiya qurolli kuchlari uchun qurol ishlab chiqarishda ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
Farg‘ona kimyo zavodi va Raw Materials Cellulose “Vajniye istorii”, Vlast.Kz nashrlari va OCCRP konsernining qo‘shma tekshiruvida, shuningdek, BBC rus xizmatining tekshiruvida ishtirok etgan. Materiallarda aytilishicha, bu ikki korxona Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasini ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ham xususiy vositachilar orqali yetkazib beradi. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri ushbu yetkazib berish hajmi bir necha barobar oshgan.
Zavod haqida
May oyida Ukraina hukumati O‘zbekistonning uchta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritgandi: Mercury Renaissance, Farg‘ona Kimyo Zavodi (Farg‘ona paxta sellyulozasi ishlab chiqarish kimyo zavodi) va Raw Materials Cellulose. Korxonalarning ikkitasi O‘zbekiston fuqarosi Rustam Mo‘minov bilan bog‘liq bo‘lib, u shaxsiy sanksiyalar ostida qolgan.
O‘sha paytda Mercury Renaissance va uning “shoba korxonasi” Farg‘ona Kimyo Zavodi Rustam Rahimjonovich Mo‘minov (60%) va Shahriyor Saxiyorovich Tojiyevga (40%) tegishli edi.
Bugungi kunda ulushning 60%i Aloqainvest, Breegs, Atrium Tashkent, Geo Profi Mombasa Finance, Aloqa Klimkontrol, Visata Group, Fortress Invest, Pod Klyuch, Professional Legion, Excellent Trans Service, Madad Kapital Invest Mikrokredit Tashkiloti, Construction Machinery, Brown Iron kabi kompaniyalarda ulushga ega bo‘lgan Olga Yurevna Shagiyevaga o‘tgan. Bu bizneslarning ayrimlari ilgari ham Mo‘minovga tegishli bo‘lgan.
Korxona ma’lumotlariga ko‘ra, zavod yiliga 30 ming tonnagacha paxta sellyulozasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, mahsulotning qariyb 90%i MDH davlatlari, Turkiya, Bolgariya, Xitoy va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ