O‘zbekistondan Rossiyaga ishlash uchun kiruvchilar soni 13%ga kamaydi
Markaziy Osiyo bo‘yicha umumiy oqim qariyb 15%ga qisqargan
Фото: «РИА»
2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga ishlash maqsadida kirishlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2%ga kamaydi. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.
Shunga qaramay, O‘zbekiston Rossiyaga mehnat migratsiyasi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda.
Yanvar–iyun oylarida mamlakat fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida 1,17 mln martadan ortiq kirgan. Ikkinchi o‘rinda Tojikiston qayd etilgan bo‘lib, ushbu davlat fuqarolarining kirishlari 494,5 mingni tashkil etdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 17,9%ga kam. Uchinchi o‘rinni esa 289,1 ming kirish bilan Qirg‘iziston egalladi, bu ko‘rsatkich 16,7%ga qisqargan.
Umuman olganda, uch davlat fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida qariyb 1,9 mln marta kirgan. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 2,3 mlnni tashkil etgan bo‘lib, umumiy pasayish qariyb 15%ni tashkil qilgan.
Mutaxassislar bu tendensiyani migratsiya sohasidagi kompleks o‘zgarishlar bilan izohlamoqda. Moliya universiteti professori Aleksandr Safonovning ta’kidlashicha, bunga Rossiyada migratsiya qonunchiligining qat’iylashgani, patent rasmiylashtirish, tibbiy ko‘rik, uy-joy va transport xarajatlarining oshgani sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarining ichki mehnat bozorlari rivojlanayotgani ham vaziyatga ta’sir qilmoqda. Rossiya va Xitoy investitsiya loyihalari mintaqaning o‘zida yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda. Shu bilan birga, mehnat migrantlari tobora ko‘proq Janubiy Koreya, Xitoy, Yaqin Sharq mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi davlatlarini tanlamoqda.
Yana bir omil sifatida migratsiya qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaygani qayd etilgan. “Minushkina va hamkorlar” advokatlar kollegiyasi raisi Anna Minushkinaning aytishicha, xorijiy fuqarolar va ularning ish beruvchilari migratsiya talablariga yanada mas’uliyat bilan yondashmoqda.
Shu bilan birga, Rossiyadagi korxonalar vizali tartib asosida kiradigan davlatlardan ishchi kuchini faolroq jalb eta boshlagan. Mutaxassislar fikricha, bu mehnat migratsiyasi oqimlari tarkibining o‘zgarishini davom ettirishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ