Raiffeisen Bank International Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishni ko‘rib chiqmoqda

O‘zbekistonda bank allaqachon qimmatli qog‘ozlar bilan ishlamoqda va mahalliy kapital bozori uchun infratuzilmani rivojlantirmoqda

Raiffeisen Bank International Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishni ko‘rib chiqmoqda

Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) bank guruhi Markaziy Osiyoni o‘sishning yangi yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda va mintaqadagi aktivlarni sotib olish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

RBI strategiyasini yangilash jarayonida Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga alohida e’tibor qaratishi mumkin. Guruhning bosh direktori Michael Höllerer yangi strategiyani yaqin haftalarda taqdim etishi kutilmoqda. Biroq bank hozircha biror kompaniyani sotib olish bo‘yicha aniq muzokaralar olib bormayapti.

Raiffeisen vakili Bloomberg so‘roviga javoban bank Markaziy Osiyo va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi savdo va investitsiya aloqalaridagi o‘zgarishlarni hisobga olayotganini ma’lum qildi.

G‘arb kompaniyalari ta’minot zanjirlarini qayta tashkil etmoqda, shu bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlari ham G‘arbga tobora ko‘proq yo‘nalmoqda. Strategik jarayonimiz doirasida ushbu o‘zgarishlarga qanday javob berishimiz mumkinligini o‘rganamiz, — dedi bank vakili.

Potensial kengayishni moliyalashtirish manbalaridan biri 3,15 mlrd yevro ($3,6 mlrd) miqdoridagi to‘lov bo‘lishi mumkin. Mablag‘lar Avstriya sudi qarori bilan bog‘liq bo‘lib, unga ko‘ra aktivlar avvalroq rossiyalik biznesmen Oleg Deripaska bilan bog‘liq bo‘lgan Rasperia Trading kompaniyasidan Raiffeisen’ga o‘tishi kerak.

Shuningdek, RBI Rossiya biznesidan chiqish niyatida. Guruh mamlakatdagi operatsiyalarini izchil ravishda qisqartirib bormoqda va Rossiyadagi “sho‘ba korxonasi”ni asosiy biznesdan ajratish ustida ishlamoqda.

RBI O‘zbekistonda

O‘zbekistonda RBI mahalliy kapital bozori bilan ishlash uchun infratuzilmani allaqachon rivojlantirmoqda.

2025-yil dekabr oyida bank kapital bozori sohasidagi “tartibga solish qumdoni”ga kirdi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qilishicha, Raiffeisen O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun xorijiy nominal saqlovchi sifatida faoliyat yuritadi.

Aprel oyida bank O‘zbekistonda kastodial bank maqomini olishni rejalashtirayotgani va mahalliy brokerlar orqali “Toshkent” fond birjasidagi operatsiyalarda ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Shu davrda Raiffeisen Markaziy bank va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida hisobvaraqlar ochdi.

Iyun oyida bank investorlarning O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlariga, jumladan, davlat obligatsiyalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirdi.

Qozog‘istonda Raiffeisen kichik hajmdagi lizing biznesi orqali faoliyat yuritmoqda.

Kapital.uz avvalroq O‘zbekistonlik Kamila Mahmudova Raiffeisen Bank Internationalning moliya direktori etib tayinlangani haqida xabar bergandi. U 2026-yil 1-yanvardan boshlab bank boshqaruv kengashiga a’zo bo‘ldi. Mahmudova bunga qadar RBIning Chexiyadagi bo‘linmasida ham shu lavozimda 2021-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $57,4 mlrdga yetdi
/
O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $57,4 mlrdga yetdi
AVO bank mijoz hisobvaraqlariga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan izoh berdi
/
AVO bank mijoz hisobvaraqlariga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan izoh berdi
O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi