Raqobat qo‘mitasi ikkita viza markazini ustun mavqega ega deb topdi
TLS Contact esa Germaniya va Fransiya vizalari bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega kompaniya sifatida e’tirof etilgan
Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistonda xorijiy davlatlar vizalarini rasmiylashtirish xizmatlari bozorini tahlil qildi. Tahlil yakunlariga ko‘ra, “VFS Global Services UBKN” va “Vizametric” ustun mavqega ega, “TLS Contact” esa ustun muzokara kuchiga ega xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida e’tirof etildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, “VFS Global Services UBKN” Avstriya, Vengriya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Malta vizalarini rasmiylashtirish xizmatlari bozorida ustun mavqega ega deb topildi.
Shuningdek, “Vizametric” AQSH vizalarini rasmiylashtirish xizmatlari bozorida ustun mavqega ega subyekt sifatida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, “TLS Contact” Germaniya va Fransiya vizalarini rasmiylashtirish xizmatlari bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb tan olindi.
Qo‘mita qayd etishicha, bu qarorlar “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 13 va 14-moddalari asosida qabul qilingan.
Qonunchilikka ko‘ra, ustun mavqe xo‘jalik yurituvchi subyektning bozorda raqobatchilaridan mustaqil harakat qilish, raqobatga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish yoki boshqa ishtirokchilarning bozorga kirishini cheklash imkoniyatini anglatadi.
Ustun muzokara kuchi esa ustun mavqega ega bo‘lmagan subyektning ham bitim shartlari, narx yoki xizmat ko‘rsatish hududiga bir tomonlama ta’sir o‘tkaza olishi bilan tavsiflanadi.
Shu bilan birga, qonunga muvofiq, ustun mavqe yoki ustun muzokara kuchiga ega subyektlarning raqobatni cheklashga, iste’molchilar yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquq va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari ushbu mavqeni suiiste’mol qilish deb baholanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ