Raqobat qo‘mitasi “Uzum nasiya” nomidan firibgarlik holatlari haqida ogohlantirdi
Soxta qo‘ng‘iroqlar orqali fuqarolardan SMS-kod va shaxsiy ma’lumotlarni olishga urinishlar aniqlangan
Raqobat Qo’mitasi ma’lum qilishicha, so‘nggi paytlarda noma’lum shaxslar “Uzum nasiya” nomidan qo‘ng‘iroq qilib, “Siz maishiy texnika yutib oldingiz, yutug‘ingizni olish uchun identifikatsiyadan o‘ting” degan bahonada fuqarolardan telefon raqamlariga kelgan SMS-kodni aytishni so‘rayotgani aniqlangan.
Aslida esa, ushbu shaxslar fuqarolar nomiga muddatli to‘lov shartnomalarini rasmiylashtirib, hech qanday tovar yetkazib bermayapti. Shu bois, ko‘plab shikoyatlar qayd etilmoqda.
Qo‘mita tomonidan firibgarlik yo‘li bilan masofaviy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish holatlarini oldini olish, axborot tizimlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun “SHAFFOF-MOLIYA” MCHJ, “UZUM MARKET” MCHJ va Markaziy bankka murojaatlar yuborilgan.
Qo‘mita fuqarolarga quyidagi ogohlantirishlarni berdi:
- shubhali qo‘ng‘iroqlarga ishonmaslik;
- SMS-kod, parol yoki shaxsiy ma’lumotlarni begonalarga bermaslik;
- noma’lum platformalarda ro‘yxatdan o‘tishdan oldin ularning ishonchliligini tekshirish.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ