O‘zbekiston ketma-ket olti oy davomida oltin eksport qilmadi
Qimmatbaho metall eksporti yo‘qligi sabab birinchi chorakda tashqi tushumlar qariyb 30% ga kamaydi
Фото: Reuters
O‘zbekiston so‘nggi olti oy davomida oltin eksportini to‘liq to‘xtatdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshidan buyon qimmatbaho metall eksporti amalga oshirilmagan, holbuki jahon bozorida oltin narxi yuqori darajada — $4500–$5500 oralig‘ida saqlanmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yilning dastlabki uch oyida mamlakat $3,57 mlrddan ortiq oltin sotgan, o‘tgan yil sentabr oyida esa $1,47 mlrdlik yirik bitim amalga oshirilgan. Umuman, 2025-yilda oltin eksporti hajmi $9,9 mlrddan oshib, rekord darajaga yetgan edi.
2026-yil I chorak yakuniga ko‘ra, mamlakat umumiy eksport hajmi $5,8 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,3% ga kamaydi. Eksport tarkibida xizmatlar ($2,32 mlrd) va sanoat mahsulotlari ($1,03 mlrd) asosiy ulushni egalladi.
Oltin eksportining yo‘qligi tashqi savdo balansiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Natijada manfiy saldo qariyb olti barobar oshib, $6,4 mlrdga yetdi (o‘tgan yil — $1,12 mlrd).
Navoiy kon-metallurgiya kombinati I chorakda 737 ming troya unsiya oltin ishlab chiqargan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,19% ga kam. Biroq pul ifodasida ishlab chiqarish hajmi 58,3% ga oshib, 44 trln so‘mni tashkil etdi.
Mart oyida mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $8 mlrdga kamayib, $68,99 mlrdga tushdi. Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati 10% ga pasayib, $60,85 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, oltinning fizik hajmi 9,3 tonnaga oshib, 416,76 tonnaga (13,4 mln troya unsiya) yetdi. So‘nggi olti oyda zaxiralar 54,1 tonnaga ko‘paygan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ