O‘zbekiston tashqi qarzi bir yilda $82,2 mlrddan oshdi

Davlat korxonalarining korporativ tashqi qarzlardagi ulushi 50% dan kam darajada qayd etilgan

O‘zbekiston tashqi qarzi bir yilda $82,2 mlrddan oshdi

Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi bir yilda $18,1 mlrdga (28%) koʻpaydi. Markaziy bank bunda korporativ qarzlar ulushi keskin oshganini ochiqladi.

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $82,2 mlrdga yetdi. Shuning $40,5 mlrdini davlat, $41,7 mlrdini banklar va korxonalar (korporativ) jalb qilgan.

Regulyator rasmiylari 2026-yil 28-aprel kuni jurnalistlar bilan o‘tgan muloqotda davlat korxonalarining korporativ tashqi qarzlardagi ulushi 50% dan kamligini bildirdi.

Bir yil ichida davlat qarzi $6,6 mlrdga (19,4%), korporativ kreditlar $11,5 mlrdga (36,3%) ko‘paygan.

Markaziy bank korporativ tashqi qarz bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emasligini alohida eslatib o‘tgan. Korxonalar qarz olsa, uni o‘z mablag‘i hisobidan qaytarishi bildirilgan.

Joriy yil boshida davlat tashqi qarzi qoldig‘i yalpi ichki mahsulotga nisbatan 27,5%ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagiga nisbatan 0,4%ga pasaygan. Korporativ tashqi qarz ulushi esa YIMga nisbatan 28,4%ga yetgan. Mazkur raqam bir yil oldingidan 2%ga o‘sgan.

Korporativ tashqi qarz tarkibida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy investorlardan jalb qilingan mablag‘ qoldig‘i $6,5 mlrdni, xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali olingan mablag‘ $7,3 mlrdni tashkil etdi. Qolgan qismi esa xususiy sektor, jumladan, xo‘jalik subyektlari va banklar tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznes faoliyatini kengaytirish maqsadlarida davlat kafolatisiz jalb qilingan kredit va qarzlar hisobiga shakllandi, deyiladi Markaziy bank sharhida.

 

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston ketma-ket olti oy davomida oltin eksport qilmadi
/
O‘zbekiston ketma-ket olti oy davomida oltin eksport qilmadi
O‘zbekistonda elektron retsept tizimini joriy etish bekor qilinishi mumkin
/
O‘zbekistonda elektron retsept tizimini joriy etish bekor qilinishi mumkin
3-maydan Toshkent–Xiva yo‘nalishida Hyundai Rotem tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yiladi
/
3-maydan Toshkent–Xiva yo‘nalishida Hyundai Rotem tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yiladi