Quvasoyda $20 mlnlik glazur ishlab chiqarish loyihasi 2026-yil sentabrda ishga tushiriladi
Loyiha doirasida 100 ta ish o‘rni yaratiladi va qo‘shimcha $10 mln eksport rejalashtirilgan
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Quvasoy shahridagi “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasida keramogranit plitalar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Mamlakatda mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda respublika bo‘yicha 47 ta keramik plita ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda ular tomonidan 47,2 mln kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, ichki talab 128,6% ga qoplangan.
“Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi 2025-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yiliga 8 mln kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyiha doirasida yiliga 1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 665 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat yaratish va $35 mln eksport qilish rejalashtirilgan.
Korxonada xomashyoning 97% mahalliy manbalar hisobiga ta’minlanadi. Ishlab chiqarish jarayonida kuniga 600 tonna saralangan tosh, 100 tonna qizil kaolin va 100 tonna kulrang kaolin qayta ishlanadi. Bu yerda yirik formatdagi keramogranit plitalar ishlab chiqarilib, 6 xil o‘lchamdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
Zavodda ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan va energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Ekologik talablarga muvofiq zamonaviy filtrlar o‘rnatilgan, suvdan qayta foydalanishning yopiq tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada xomashyo tayyorlashda elektr energiyasi sarfi 20% gacha qisqartirilgan.
Korxona mahsulotlari sifat va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. 2026-yilning yanvar–mart oylarida Qirg‘iziston va Tojikistonga 80 ming kvadrat metr mahsulot eksport qilinib, tushum $400 mingni tashkil etdi. Eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, korxonada import qilinadigan glazur mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Qiymati $20 mln bo‘lgan va yiliga 50 ming tonna glazur ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyiha 2026-yil sentabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Davlat rahbari korxonada joriy etilgan texnologiyalar, ishlab chiqarish va saqlash jarayonlari hamda eksport rejalarini ko‘zdan kechirdi. Bunday loyihalar hududlarda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va sanoatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ