Quruvchilar uchun yer solig‘ini hisoblash muddatlari o‘zgartirilishi mumkin
Qurilish vazirligiga ko'ra, maxsus qurilish texnikalari importiga beriladigan imtiyozlar tiklanishi rejalashtirilmoqda
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonda maxsus qurilish texnikasi importiga imtiyozlarni tiklash va yirik qurilish obyektlari uchun ajratilgan yer uchastkalariga soliqni hisoblash tartibini o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident huzuridagi yig‘ilishdan so‘ng qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, vazirlik tadbirkorlar bilan yaqinroq hamkorlik qilish va ularning muammolarini tezkor hal etish formatiga o‘tmoqda.
Prezident qurilish sohasida juda ko‘plab tadbirkorlar va quruvchilarni tashvishga solayotgan juda katta muammolarni hal qildi. U bizga ular bilan ko‘proq uchrashish, muammolarni o‘rganish va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasini berdi, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Quruvchilar sohadagi asosiy muammolardan biri sifatida qurilish texnikasining eskirib qolganini aytmoqda. Vazir o‘tgan yillarning ijobiy tajribasini eslatib, ilgari qo‘llanilgan imtiyozlarni qayta joriy etishni taklif qildi.
2017-yilda hurmatli prezidentimiz qurilish tashkilotlariga maxsus texnikalarni olib kirishga imtiyoz bergandi. O‘sha paytda — uch yil imtiyoz davrida sanoat juda o‘sib, qurilish texnikalari keldi. Shu taklif quruvchilardan kelganligi uchun, prezident buni qo‘llab-quvvatlab, yana imtiyoz berish bo‘yicha qaror loyiha tayyorlashni topshirdi, — dedi Sherzod Hidoyatov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi soliqqa tortish tizimi quruvchi kompaniyalarni loyihalar ko‘lamiga har doim ham mos kelavermaydigan qat’iy vaqt cheklovlariga solib qo‘yadi. Vazir yer solig‘ini hisoblash muddatlarini obyekt maydoniga qarab differensiatsiya qilish taklif etdi.
Bugungi kunda 100 metr kvadrat yoki 1000 metr kvadrat yoki 50 ming metr kvadrat qurilish qilsa ham, ikki yil yer solig‘idan ozod qilinadi. Taklif bo‘ldiki, 10 ming metr kvadratdan katta qurilish qiladigan obyektlarga uch yilgacha cho‘zdirib berilsa, tejalgan mablag‘ni qurilish sohasini o‘stirishga, o‘zimizni o‘stirishga ishlatamiz dedi, — dedi vazir.
Qurilish sifati nazorati tizimiga alohida e’tibor qaratiladi. Texnik nazorat rolini kuchaytirish maqsadida prezident profil mutaxassislarining ish haqi fondini oshirishni topshirdi.
Hurmatli prezident buyurtmachilar bo‘yicha topshiriq berdi. Hozirda o‘rtacha ish haqi taxminan 5 mln so‘mni tashkil etadi. Uni uch barobarga oshirish vazifasi qo‘yildi. Texnik nazorat xodimlari 15 mln so‘m ish haqi olib, sifat uchun javob berishi, ulardan talab va mas’uliyat kuchaytirilishi kerak, — dedi vazir.
Sherzod Hidoyatovning aytishicha, mavjud statistika ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ