SOCAR O‘zbekistondan neftni Qora dengiz orqali tranzit qilishni yo‘lga qo‘ydi

Ozarbayjon kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘g‘ri haydalgan benzinni xalqaro bozorlarga yetkazib berishni boshladi

SOCAR O‘zbekistondan neftni Qora dengiz orqali tranzit qilishni yo‘lga qo‘ydi

Ozarbayjon davlat neft kompaniyasi SOCARning bo‘linmasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini Qora dengiz portlariga yuklash va tashishni boshladi. Bu haqda SOCARning xalqaro biznesni rivojlantirish departamenti rahbari To‘g‘rul Kocharli ma’lum qildi, deya xabar berdi Report.

U Boku shahrida Qora dengiz savdo va taraqqiyot banki (QSTTB) Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan biznes-forumdagi nutqida bankning mintaqa iqtisodiy integratsiyasidagi rolini ta’kidladi. Uning aytishicha, Ozarbayjon Markaziy Osiyodan kelayotgan yuklarni O‘rta yer va Qora dengiz orqali jahon bozorlariga yo‘naltiruvchi tranzit xabi vazifasini bajarmoqda.

Ozarbayjon energiya resurslarining asosiy eksport nuqtasi Gruziyadagi Kulevi terminali hisoblanadi. Ushbu terminal faoliyati QSTTB tomonidan moliyalashtirilmoqda. Bank, shuningdek, SOCARga tegishli STAR neftni qayta ishlash zavodi uchun xomashyo xaridiga kredit liniyalarini ham taqdim etmoqda. Qayd etilishicha, bu mablag‘lar korxonaga raqobatbardosh narxlarni saqlash va uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash imkonini bermoqda. Kompaniya rahbariyati Ozarbayjonning tranzit salohiyati kelgusida ham oshib borishini ta’kidlagan.

Tarixan SOCAR Qozog‘iston va Turkmanistonda ham faoliyat yuritib, ushbu mamlakatlardan har yili qariyb 4 mln tonna neftni tashqi bozorlarga yetkazib beradi. Joriy yilda logistika yo‘nalishlariga O‘zbekiston ham qo‘shildi. Endilikda O‘zbekistondan nafta Qora dengiz infratuzilmasi orqali eksport qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniyaning British Petroleum (BP) kompaniyasi SOCAR va “O‘zbekneftgaz” bilan birgalikda O‘zbekistonning shimoli-g‘arbidagi Ustyurt platosida uglevodorod qazib olish bilan shug‘ullanishi ma’lum qilingan edi. Yangilangan mahsulot taqsimoti bitimiga ko‘ra, Britaniya kompaniyasi loyihada 40%, SOCAR va “O‘zbekneftgaz” esa 30% dan ulushga ega bo‘ldi. Oltita investitsiya uchastkasini birgalikda o‘zlashtirish mintaqa salohiyatidan foydalanish va mamlakatning uzoq muddatli ichki energiya ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan.

2025-yil noyabr oyida O‘zbekiston Britaniya investori bilan uning dastlab SOCAR va “O‘zbekneftgaz” tomonidan yuritilgan loyihaga qo‘shilishi yuzasidan dastlabki muzokaralarni o‘tkazgan edi. Profil vazirlik Ustyurt hududida neft qazib olishni ustuvor yo‘nalish deb atab, 2025-yil oxirigacha 3 ming kilometrdan ortiq seysmik-qidiruv ishlarini amalga oshirishni rejalashtirgandi.

Loyiha uch bosqichda amalga oshirilishi va unga qariyb $2 mlrd investitsiya jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Konning prognoz qilingan zaxiralari 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gazni tashkil etadi. Ustyurt platosida yillik neft qazib olish hajmi 5 mln tonna bo‘lishi kutilmoqda.

2025-yil sentyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikda yirik gaz zaxiralari aniqlanganini ma’lum qilgan edi. Bu O‘zbekiston sanoati tarixidagi ilk shunday holat sifatida baholangan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo’lini Turkiya qadar uzaytirish taklif qilindi
/
Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo’lini Turkiya qadar uzaytirish taklif qilindi
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi
Oliy sud Plenumi majlisi tarixda ilk bor onlayn efirda namoyish etildi
/
Oliy sud Plenumi majlisi tarixda ilk bor onlayn efirda namoyish etildi