Ko‘p qavatli uy-joy boshqaruv organlari 6 oyda 26 mlrd so‘mlik majburiy badallarni o‘zlashtirgan
Qurilish vazirligiga ko‘ra, 158 ta boshqaruv organlariga 587 mln so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yilning yanvar-iyun oylarida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlarining 158 tasiga 587 mln so‘m miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Bu haqda 8-iyul kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rahbariyati ishtirokida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, vazirlikda aholidan kelib tushayotgan murojaatlar har chorak, yarim yil va yillik tahlil qilib boriladi. 2025-yilning 6 oyida 417 ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari faoliyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan monitoring qilindi. Shundan 83 tasining moliyaviy holati o‘rganilganda, 25,9 mlrd so‘m miqdordagi majburiy badal mablag‘larini o‘zlashtirish holati aniqlandi. Bu bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Qolgan boshqaruv organlariga esa majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, boshqaruv organi avval yilda bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar sababli endilikda aniqlangan har bitta qoidabuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Boshqaruv organlari tomonidan boshqarish qoidalarini buzish holatlarida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 159-moddasi 2-qismi (Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish)ga asosan, inspeksiya tomonidan ma’muriy choralar qo‘llanilmoqda, — deydi u.
Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayevaning Gazeta muxbiriga tushuntirishicha, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari uch turga bo‘linadi: BSK (boshqaruv servis kompaniyalari), uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda o‘z-o‘zini boshqaruvchi organlar.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 1,5 mlndan ortiq xonadondan iborat 44 ming 28 ta ko‘p qavatli uylar bor. Ularga 971 ta BSKlar, 241 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, 852 ta o‘z-o‘zini, ya’ni bevosita mulkdorlar boshqaruvi organlari mavjud, — deydi Jo‘rayeva.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ