O‘zbekistonda qurilish litsenziyalarini 5 daqiqada rasmiylashtirish tizimi joriy etiladi
Qurilish va obyektlarni qabul qilish jarayonlari inson omilini kamaytirish uchun to‘liq raqamlashtiriladi
Фото: Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyevga uy-joy kommunal xo‘jaligi va qurilish sohasida byurokratik yuklamani kamaytirish hamda nazoratni kuchaytirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda qurilish ishlarini boshlash uchun 8 ta hujjat talab etiladi va arizalarni ko‘rib chiqish muddati 3 oydan 1 yilgacha davom etadi. Rejaga ko‘ra, ushbu hujjatlarning 2 tasi bekor qilinadi, yana 2 tasi esa avtomatik shakllantiriladi. Natijada arizalarni ko‘rib chiqish muddati 7 baravarga qisqaradi.
Loyihalashga ruxsat berish va arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini taqdim etish jarayonlari ShaffofAI tizimi orqali yagona hujjatga birlashtiriladi. Avval 30 ish kunigacha davom etgan jarayon to‘liq avtomatlashtiriladi.
Loyiha, pudrat va ekspertiza tashkilotlarini litsenziyalashning yangi mexanizmi 3 tadan 30 tagacha hujjat yuklash talabini bekor qiladi. Ma’lumotlar davlat bazalari orqali tekshiriladi va litsenziya berish muddati 14 ish kunidan 5 daqiqagacha qisqartiriladi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili turli kamchiliklar sabab foydalanishga topshirish uchun berilgan 20 mingdan ortiq ariza rad etilgan va ularni bartaraf etish 3 oygacha vaqt olgan. Endilikda davlat obyektlarini qabul qilishda talab qilinadigan hujjatlar soni 3 tadan 1 tagacha qisqartiriladi. Deklaratsiya va nazorat xulosalari elektron shaklga o‘tkazilib, obyektlarni qabul qilish muddati 2 oydan 15 kungacha kamaytiriladi.
Shuningdek, xavfsizlik va mustahkamlikka ta’sir qilmaydigan kichik chetlanishlar mavjud bo‘lsa, obyektlarni foydalanishga topshirishga ruxsat beriladi.
Qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy, turar joy, tijorat va turizm obyektlari qurilish maydonlarida videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish majburiy etib belgilanadi. Bu qurilishdagi noqonuniy chetlanishlarni aniqlashga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ