Qurbon hayiti munosabati bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 690 mlrd so‘m ajratiladi
Mablag‘lar bolalar operatsiyalarini amalga oshirish, oziq-ovqat to‘plamlari va harbiy xizmatchilar farzandlariga pul o‘tkazishga sarflanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Kelgusi haftada nishonlanadigan Qurbon hayiti munosabati bilan aholining ehtiyojmand qatlamlariga ko‘mak beriladi. Bu haqdagi taqdimot payshanba kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari
- Og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolaning jarrohlik amaliyoti, 2300 nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisli bemorning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, davolanishi va jarrohlik amaliyoti, kamida 350 nafar bemorning jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlari qoplab beriladi;
- 8000 nafardan ortiq yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, Vatan sarhadlarini himoya qilishda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar farzandlarining jamg‘arma hisob raqamlariga $200 dan mablag‘ o‘tkazish rejalashtirilmoqda;
- davlat ta’minotida bo‘lgan oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanadi;
- 500 ta masjid rekonstruksiya qilinadi yoki ta’mirlanadi, zamonaviy tahoratxonalar quriladi, hududlarda qabristonlar obodonlashtiriladi.
Ushbu tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 mlrd so‘m mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Shu bilan birga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun xayriya dasturxonlari yozilishi, ziyoratgohlar va diniy ta’lim muassasalarida qurbonlik marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ