Qozog‘istonda $10 mlrdlik AI-klaster barpo etiladi
kibastuzda 100 mingta NVIDIA chipiga ega hisoblash majmuasi 2027-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda
Фото: Правительство Казахстана
Qozog‘iston hukumati yirik texnologik kompaniyalar — “Firebird” va “NVIDIA” bilan umumiy qiymati $10 mlrdlik investitsiya bitimlarini imzoladi. Mablag‘lar mamlakatdagi yirik IT-loyihani amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Respublika bosh vaziri Oljas Bektenov xorijiy kompaniyalar rahbariyati bilan sun’iy intellekt (SI) sohasida milliy infratuzilmani yaratish masalasini muhokama qildi. Muzokaralarda “NVIDIA” kompaniyasi vitse-prezidenti Rev Lebaredyan, shuningdek, “Firebird” hammuassislari Razmik Ovakimyan va Aleksandr Yesayan ishtirok etdi. Tomonlar global hamkorlarni jalb qilgan holda yuqori unumdor hisoblash quvvatlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini ishga tushirishni maqsad qilgan.
Hamkorlikning asosiy loyihasi sifatida Ekibastuz shahrida barpo etiladigan “Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari vodiysi” belgilandi. Hukumat rahbari mamlakat global raqamli xabga aylanishni maqsad qilayotganini ta’kidladi. Hozirda majmuaning quvvati 300 MVt etib rejalashtirilgan bo‘lib, keyinchalik uni 1 GVtgacha oshirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Xorijiy biznes vakillari mamlakat salohiyatiga ijobiy baho berdi. “Firebird” rahbari loyiha 2027-yilda ishga tushirilgach, Qozog‘istonni sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning yetakchi o‘nta davlatidan biriga aylantirishga xizmat qilishini qayd etdi. “NVIDIA” vakillari esa neyrotarmoqlarni muvaffaqiyatli joriy etish barqaror energetika bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidlab, hududni mavjud energiya resurslari tufayli istiqbolli start nuqtasi deb atadi.
Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev moliyaviy tafsilotlarni ma’lum qilib, investitsiyalar hajmi qariyb 10 mlrd dollarga yetishini bildirdi. Ushbu mablag‘lar hisobiga “NVIDIA”ning GB300 va Vera Rubin seriyalariga mansub 100 mingta zamonaviy grafik chiplar bilan jihozlangan hisoblash majmuasi barpo etiladi. IT-xizmatlar eksportidan olinadigan yillik daromad 3 mlrd dollar darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Loyiha yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning Yevrosiyo IT-bozoridagi mavqeini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar hujjatlashtirildi. Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi “Firebird” bilan ekotizimni rivojlantirish va “Alem.ai” bazasida laboratoriya ochish bo‘yicha ramkaviy hujjatni imzoladi. Ikkinchi kelishuv esa “KT-Telekom” MChJ va “Firebird” o‘rtasida bo‘lajak markaz ekotizimi doirasidagi texnik hamkorlik reglamentlarini belgilaydi. Mazkur qadamlar yangi avlod bulutli texnologiyalari va xizmatlarini joriy etish uchun poydevor yaratadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ