Qozog‘iston eGov tizimi buzilgani va 15 mln fuqaroning ma’lumotlari sizdirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi
Darknet orqali sotuvga qo‘yilgan arxiv tasodifiy hujjatlar to‘plami bo‘lib, davlat portaliga aloqador emasligi ma’lum qilindi
Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi elektron hukumat axborot tizimlari buzilgani haqidagi xabarlarni rasman rad etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik darknetda 15 mln nafar qozog‘istonlikning ma’lumotlar bazasi sotuvga qo‘yilgani haqidagi tarqalayotgan xabarlar eGov tizimidan ma’lumotlar sizdirilganini tasdiqlamasligini ma’lum qildi.
Vazirlik vakolatli organlar bilan birgalikda texnik tekshiruv o‘tkazib, elektron hukumat axborot tizimlariga buzib kirish holatini aniqlamagan. Mutaxassislar, shuningdek, noma’lum foydalanuvchi darknetda sotuvga qo‘ygan fayllarga kirib, ularning mazmunini tahlil qilgan.
Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, e’lon qilingan ma’lumotlar turli fayl va tasvirlar to‘plamidan iborat bo‘lib, eGov tizimidan olingan ma’lumotlar bazasi emas. Bunga, xususan, ma’lumotlarning e’lon qilingan hajmi va mazmuni o‘rtasidagi nomuvofiqlik dalil bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, eGov axborot tizimlarida e’lon muallifi taqdim etgan ko‘rinishdagi pasportlarning skan-nusxalari bazasi saqlanmaydi. Raqamli hujjatlar boshqa formatda shakllantiriladi va saqlanadi.
Avvalroq Telegramdagi Mash kanali shymzz13 taxallusidagi foydalanuvchi darknetda Qozog‘istonning 15 mln nafar aholisi haqidagi ma’lumotlarni sotuvga qo‘ygani haqida xabar bergan. Sotuvchi ushbu ma’lumotlarni eGov tizimini buzib kirish orqali olganini da’vo qilgan.
Fayl 0,5 bitkoin, ya’ni qariyb $32 mingga sotuvga qo‘yilgan. Ayrim ekspertlar esa bunday ma’lumotlar bozori uchun ushbu narx yuqori ekanini bildirgan.
Sotuvchining da’vosiga ko‘ra, baza 15 mln kishiga tegishli bo‘lib, uning hajmi 2,7 GB va unda 47 mln qator ma’lumot mavjud. Unda qozog‘istonliklarning pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, ish joylari haqidagi ma’lumotlar, hujjatlar skan-nusxalari va parollari borligi aytilgan.
Raqamli rivojlanish vazirligi anonim tarzda darknetda e’lon berilishining o‘zi axborot tizimiga buzib kirilganini yoki shaxsiy ma’lumotlar sizdirilganini tasdiqlovchi dalil bo‘la olmasligini ta’kidladi.
Shu sababli yana bir bor rasman ma’lum qilamiz — eGov tizimi buzilmagan. Uning tizimlaridan 15 mln nafar Qozog‘iston fuqarosining ma’lumotlari olingani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, — deyiladi vazirlik bayonotida.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ