1-sentabrdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ham oshiriladi
BHM 440 ming so‘mga ko‘tarilishi ortidan mast holda avtomobil boshqarish uchun esa 11 mln so‘mdan oshadi
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonda 2026-yil 1-sentabrdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan jarimalar miqdori oshiriladi. Bu Prezidentning ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mga oshirilishi bilan bog‘liq.
Hujjatga ko‘ra, xavfsizlik kamarini taqmaslik, texnik ko‘rikdan o‘tmagan transport vositasidan foydalanish yoki avtomobilda dori qutichasi mavjud bo‘lmagani uchun jarima 220 ming 420 so‘mni tashkil etadi. Hujjatsiz transport boshqarish uchun esa 440 ming 840 so‘m miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Majburiy avtosug‘urtasiz (OSAGO) harakatlanish va taqiqlangan joyda to‘xtash uchun jarima 881 ming 680 so‘m etib belgilanadi. Svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlanish yoki rulda mobil telefondan foydalanish esa 1 mln 322 ming 520 so‘mga tushadi.
Davlat raqamisiz avtomobil boshqarish uchun jarima miqdori 2 mln 204 ming 200 so‘mga yetadi.
Tezlikni belgilangan me’yordan 20 km/soatgacha oshirish 440 ming 840 so‘m, 20–40 km/soat oralig‘ida oshirish 2 mln 204 ming 200 so‘m, 40 km/soatdan yuqori oshirish esa 3 mln 967 ming 560 so‘m miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Og‘ir qoidabuzarliklar uchun ham jarimalar oshirilmoqda. Xususan, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish 4 mln 408 ming 400 so‘m etib belgilanadi.
Mast holda transport vositasini boshqarish yoki ruxsatsiz tonirovkadan foydalanish uchun jarima 11 mln 21 ming so‘mni tashkil qiladi. Mastlik holatini aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan bosh tortgan haydovchilar esa 6 mln 612 ming 600 so‘m miqdorida jarimaga tortiladi yoki 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Shuningdek, ruxsatsiz tonirovkadan bir yil davomida takroran foydalanish uchun jarima 8 mln 816 ming 800 so‘m etib belgilanmoqda.
Bundan tashqari, 1-iyuldan amal qiladigan pensiya va nafaqalarning yangi miqdorlari ham belgilab berilgan. Xususan:
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 1 mln 83 ming so‘m (oldin 1,012 mln so‘m edi);
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 1 mln 83 ming so‘m (1,012 mln so‘m);
- 1941−1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari hamda Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 4 mln 775 ming so‘m (4,462 mln so‘m);
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (983 000 so‘mdan) 1 mln 83 ming so‘m so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 1 mln 83 ming so‘m (1,012 mln so‘m);
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m (820 ming so‘m);
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 878 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 290 ming so‘mdan (oldin 270 ming so‘m edi) qo‘shiladi;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 878 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Hujjatga ko‘ra, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, ish beruvchilarga xodimlar ish haqini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan darajada belgilash va uni yangi miqdorlarga mos ravishda oshirish tavsiya etildi.
Farmon ijrosi uchun bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Prezidentning ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov mas’ul etib belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ