Qirg‘iziston yoqilg‘i taqchilligi sabab O‘zbekistondan yordam so‘radi
Mamlakat ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun O‘zbekiston va yana besh davlatga rasmiy murojaat yubordi
Qirg‘iziston yoqilg‘i ta’minotida yuzaga kelgan muammolar sabab O‘zbekiston va yana besh davlatga rasmiy murojaat yo‘lladi. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik mamlakatni yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlashdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Idora ma’lumotiga ko‘ra, xaridlar amaldagi shartnomalar asosida davom etmoqda, biroq global omillar ta’minot jarayonini murakkablashtirmoqda.
Xususan, Yaqin Sharqdagi keskinlik, logistika uzilishlari hamda jahon bozorida xomashyo narxlarining oshishi ichki bozorga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qirg‘iziston neft mahsulotlarining deyarli barchasini import qilgani sababli hukumat O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va Turkmanistonning tegishli idoralariga rasmiy maktublar yuborgan. Shu bilan birga, yuk tashishning muqobil yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Parallel ravishda mamlakatda neftni qayta ishlash hajmini oshirish choralari ham ko‘rilmoqda. Hukumat va Energetika vazirligi rahbariyati Jalolobod viloyatidagi “Qirg‘izneftgaz” korxonasi faoliyatini o‘rganib, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Chuy viloyatidagi “Junda” neftni qayta ishlash zavodi rahbariyatiga ham benzin ishlab chiqarishni oshirish vazifasi yuklatildi.
Qayd etilishicha, vaziyat Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlarida ta’mirlash ishlari olib borilishi va neft mahsulotlari eksportiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi fonida yuzaga kelgan yoqilg‘i taqchilligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan. Biroq ushbu cheklovlar hukumatlararo bitimlar doirasida O‘zbekistonga tatbiq etilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ