Qirg‘iziston benzin va dizel yonilg‘isi eksportini taqiqladi
Cheklovlar mamlakat ichki bozori ehtiyojlari to‘liq qondirilgunga qadar amal qiladi
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi neft mahsulotlarini avtomobil va temiryo‘l transporti orqali mamlakat hududidan tashqariga olib chiqishga cheklovlar joriy etdi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Yangi tartib xom neft, shuningdek, benzin, dizel va boshqa turdagi yoqilg‘i-moylash materiallari eksportiga taalluqli. Biroq pech yoqilg‘isi, nafta va mazut ushbu cheklovlardan mustasno etilgan.
Mazkur mahsulotlarni qayta ishlash maqsadida xorijga olib chiqishga hukumatning maxsus ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunda qayta ishlangan tayyor mahsulotlar majburiy ravishda Qirg‘izistonga qaytarilishi kerak.
Shuningdek, cheklovlar davlat chegarasini kesib o‘tayotgan transport vositalarining standart yonilg‘i baklaridagi yoqilg‘iga tatbiq etilmaydi.
Qayd etilishicha, mazkur choralar ichki bozordagi talab to‘liq qondirilgunga qadar yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasida yagona neft mahsulotlari bozori shakllantirilgunga qadar amal qiladi.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston hukumati ayrim turdagi yoqilg‘ilarni avtomobil transportida import qilishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni bekor qildi. Ushbu yengillik 2027-yil 1-aprelgacha amal qiladi.
Hukumat qarorida ta’kidlanishicha, yangi cheklovlar yoqilg‘i tanqisligining oldini olish, energetik xavfsizlikni ta’minlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini barqaror qoplash maqsadida joriy etilgan.
Qirg‘izistondagi vaziyat Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlarida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari va eksportga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar fonida yuzaga kelgan yoqilg‘i taqchilligi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, amaldagi hukumatlararo bitimlar tufayli mazkur cheklovlar O‘zbekistonga yoqilg‘i yetkazib berishga ta’sir qilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ