O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari va valyuta sotib olish tartibi soddalashtirildi
Norezidentlarga qimmatli qog‘ozlardan daromadni erkin olib chiqish imkoniyati berildi
Фото: Артем Левин / Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Yangilangan qoidalarga ko‘ra, jismoniy shaxslar endilikda notijorat maqsadlarda istalgan bank hisoblari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin. Ushbu imkoniyat fuqaroligidan qat’i nazar barcha shaxslarga tatbiq etiladi. Avval bunday operatsiyalar faqat rezidentlar o‘rtasida ruxsat etilgan edi.
Shuningdek, xorijiy fuqarolarga hadya qilish, merosni qabul qilish yoki kompaniyalar ustav kapitaliga mablag‘ kiritish bilan bog‘liq ichki operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berildi.
Yuridik shaxslar uchun esa valyutadagi qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida chet el valyutasini sotib olishda qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish talabi bekor qilindi. Endi bunday operatsiyalar uchun emitentning ta’sis hujjati yetarli hisoblanadi.
Xorijiy investorlar ichki fond bozorida olingan dividendlar, kupon to‘lovlari va qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan daromadlarni erkin olib chiqish huquqiga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, kompaniyalarga valyuta sotib olish bo‘yicha arizalarda texnik yoki imloviy xatolar mavjud bo‘lsa, ularni tuzatish imkoniyati berildi. Avval bunday holatlarda arizalar avtomatik rad etilardi.
Barcha ayirboshlash operatsiyalari, jumladan onlayn tranzaksiyalar endilikda Markaziy bankning “Valyuta operatsiyalari hisobini yuritish” axborot tizimi (FERUz)ga tizimida majburiy hisobga olinadi.
Naqd pul yechib olish tartibi ham aniqlashtirildi. Jismoniy shaxslar o‘z hisoblaridan mablag‘larni miqdoriy cheklovlarsiz yechib olishlari mumkin. Yuridik shaxslar esa naqd pul olishda operatsiya maqsadini ko‘rsatishi shart — masalan, xizmat safari xarajatlari yoki ustav kapitalidagi ulushni qaytarish uchun.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ