Profilaktika inspektorlariga begona vazifalarni yuklash taqiqlanadi — Shavkat Mirziyoyev

Bundan tashqari, profilaktika inspektorlarining ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo qo‘llash vakolatlarini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda

Profilaktika inspektorlariga begona vazifalarni yuklash taqiqlanadi — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirish, jamoat xavfsizligi tizimini isloh qilish hamda soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda jinoyatchilikka qarshi kurashishda asosiy e’tibor huquqbuzarliklarning oldini olish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash va fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirishga qaratilishi kerakligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, jinoyatchilik holatini baholashda faqat statistik ko‘rsatkichlarga tayanish amaliyotidan voz kechish zarur. Endilikda asosiy mezon sifatida aholining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchi, huquqbuzarliklarning takror sodir etilishi hamda profilaktika ishlari samaradorligi olinishi taklif etildi.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini yagona tizim asosida tashkil etish, ayrim vakolatlarni ular o‘rtasida qayta taqsimlash rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 9 ming mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori faoliyat yuritmoqda. Taqdimotda amalda ularga xizmat vazifalariga kirmaydigan 50 ga yaqin qo‘shimcha topshiriq yuklatilgani qayd etildi. Natijada ayrim inspektorlar mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi taqdim etildi.

Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorlariga faqat qonunda belgilangan vazifalar yuklatiladi. Ularning kasbiy faoliyatiga aralashish, asossiz topshiriqlar berish va qo‘shimcha yuklamalar yuklash taqiqlanadi.

Qonun loyihasida inspektorlarning huquqiy maqomi, xizmat kafolatlari, ijtimoiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik masalalari ham aniq belgilanmoqda. Xususan, hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi, uzoq muddat xizmat qilgan xodimlar uchun qo‘shimcha pensiya kafolatlari nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, profilaktika inspektorlarining ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo qo‘llash vakolatlarini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda jamoat xavfsizligi tizimi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy ta’lim kvotasini esa 300 nafargacha oshirish taklif etildi.

Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanadi. O‘quv dasturlariga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, raqamli tahlil hamda oilaviy mediatsiya kabi zamonaviy fanlarni kiritish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ham “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” tamoyili asosida qayta tashkil etilib, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika, tezkor-qidiruv faoliyati va jamoat xavfsizligi bo‘yicha ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Kripto-provayderlar ulushini sotish va rahbariyatni almashtirish faqat ILMA roziligi bilan amalga oshiriladi
/
Kripto-provayderlar ulushini sotish va rahbariyatni almashtirish faqat ILMA roziligi bilan amalga oshiriladi
O‘zbekistonda barcha asosiy xorijiy valutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda barcha asosiy xorijiy valutalar qimmatlashdi
Raqobat qo’mitasi “White Gold Klaster”ga nisbatan 104 mlrd so‘mlik jarima qo‘lladi
/
Raqobat qo’mitasi “White Gold Klaster”ga nisbatan 104 mlrd so‘mlik jarima qo‘lladi