Tadbirkorlarning 73%i majburiy ijrodagi byurokratiya biznesga salbiy ta’sir qilayotganini bildirgan
Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlar bilan ochiq muloqotga tayyorgarlik yuzasidan axborot berildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlar bilan oltinchi ochiq muloqotga tayyorgarlikning borishi yuzasidan axborot berildi. Buning uchun 15-maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idora vakillaridan iborat respublika shtabi 24/7 rejimida faoliyat yuritmoqda.
Call-markaz va rasmiy botlar orqali tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 4,2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan, qariyb 1,8 mingtasini ko‘rib chiqish davom etmoqda. Shuningdek, mas’ul tashkilotlar tomonidan 750 dan ortiq uchrashuv o‘tkazilib, ularda 8,8 mingdan ziyod tadbirkor qatnashgan va 3,5 mingdan ortiq taklif hamda masalalar bildirilgan.
Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan 130 dan ortiq uchrashuvda esa 5,7 mingdan ziyod tadbirkor ishtirok etib, qariyb 1,5 mingta masalani ko‘targan.
Tayyorgarlik doirasida 5 ming 72 nafar tadbirkor o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilgan. So‘rovda savdo, xizmat ko‘rsatish, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari qamrab olinib, korxonalar samaradorligi, investitsiya, infratuzilma, soliq ma’murchiligi, tashqi savdo va sud-huquq masalalari o‘rganilgan.
Tahlillarga ko‘ra, kamida uchta samaradorlik chorasi joriy etilgan korxonalarda tannarxni pasaytirish ehtimoli 4,1 barobar, ish haqini yuqori sur’atda oshirish imkoniyati 2,1 barobar ko‘proq. Biroq bunday choralarni uch va undan ortiq yo‘nalishda qo‘llayotgan korxonalar ulushi 11,6% ni tashkil etgan, 28,5% korxona esa birorta ham bunday chora ko‘rmagan.
Shuningdek, korxonalarning 51% ida yangi mahsulot, xizmat yoki innovatsiya joriy etilmagan, 40% i so‘nggi bir yilda investitsiya kiritmagan. 53% korxonada mahsulot va xizmatlar tannarxi oshgan, 43% ida energiya tejash choralari ko‘rilmagan, 49%i qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanmaydi.
So‘rovda qatnashgan korxonalarning 22,3%i tashqi savdo bilan shug‘ullanishi aniqlangan. Ular xorijiy mijoz topish, mahsulotni sertifikatlash, logistika, bojxona jarayonlari va marketing ko‘nikmalarining yetishmasligini eksportdagi asosiy to‘siqlar sifatida qayd etgan. Tadbirkorlarning 73%i majburiy ijrodagi byurokratik jarayonlar biznesga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgan.
Prezident kelib tushgan murojaatlar va so‘rovnoma natijalarini hududlar va sohalar kesimida chuqur tahlil qilib, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Mas’ullarga kredit va infratuzilma masalalarini hal qilish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish, innovatsiya va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ