Feruz Azimov Poytaxt Bank boshqaruvi raisi etib tayinlandi
Avvalroq mutaxassis Markaziy bankning valyutani tartibga solish departamentida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan
Фото: Центральный банк
Markaziy bankning Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti direktorining sobiq o‘rinbosari Feruz Azimov Poytaxt Bank boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda moliya muassasasi Kuzatuv kengashi qarorida ma’lum qilindi.
2026-yil 30-apreldagi hujjatga ko‘ra, rahbar mazkur lavozimga uch yil muddatga tasdiqlangan. U o‘z vazifalarini nomzodi Markaziy bank bilan belgilangan tartibda kelishilgach rasman boshlaydi.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Feruz Azimov 1988-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. U 2009-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan, 2024-yilda esa Bank-moliya akademiyasida iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan.
U bank tizimidagi faoliyatini 2009-yilda Asakabankning Samarqand viloyati filialida mutaxassis sifatida boshlagan. 2019-yilgacha ushbu bankda turli lavozimlarda ishlagan va valyuta hamda notijorat operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilgan.
2019-yil aprel oyida Markaziy bankka ishga o‘tib, bosh iqtisodchi, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va boshqarma boshlig‘i kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2022-yil oktabrdan buyon Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti direktorining o‘rinbosari — valyuta oqimlarini tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Shuningdek, Kuzatuv kengashi qarori bilan bank tashkiliy tuzilmasiga boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimi ham kiritildi. Ushbu lavozimga Davron Isroyilov tayinlangan bo‘lsa, Shaig Gaziyev boshqaruv raisi o‘rinbosari etib tasdiqlandi. Bankning avvalgi rahbari Dilshod Po‘latov esa joriy yil aprel oyida lavozimidan ozod etilgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ