O‘zbekistonda pensiya ushlanmalaridan so‘ng pensionerga kamida 715 ming so‘m qolishi kerak bo‘ladi
Yangi tartib har yili qariyb 45 ming nafar pensionerga ta’sir qilishi kutilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Oliy Majlis Senati 7-avgust kuni “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarni ma’qulladi. O‘zgarishlar pensiya tizimini raqamlashtirish, byurokratik jarayonlarni qisqartirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, I va II guruh nogironligi belgilangan fuqarolarga pensiya alohida arizasiz, proaktiv tarzda tayinlanadi. Buning uchun Pensiya jamg‘armasi, Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish talab etilmaydi.
Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan mehnat staji, ish haqi, o‘qish davrlari va oila a’zolari haqidagi ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan elektron almashinuv orqali olinadi.
Pensiya tayinlash masalasi fuqaroning pensiya yoshiga to‘lgani yoki unga nogironlik belgilangani haqidagi elektron ma’lumot axborot tizimiga kelib tushgan o‘sha ish kunining o‘zida ko‘rib chiqilishi kerak. Ma’lumotlar ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushsa, masala keyingi ish kunida ko‘riladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu tartib har yili qariyb 52 ming nafar fuqaroning Pensiya jamg‘armasi yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish hamda elektron ariza topshirish uchun vaqt va mablag‘ sarflashining oldini oladi.
Shuningdek, ishlashda davom etayotgan nogironlik pensiyasi oluvchilarning to‘lovlari ham avtomatik qayta hisoblanadi. Agar fuqaro pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yillik qo‘shimcha mehnat stajiga ega bo‘lsa, pensiyasi davlat axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida har ikki yilda bir marta qayta hisoblab chiqiladi. Buning uchun pensionerdan ariza talab etilmaydi.
Hozirda bunday qayta hisob-kitob pensionerning arizasiga asosan amalga oshiriladi. Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, har yili qariyb 8 ming nafar kishining nogironlik pensiyasi qayta hisoblanadi.
Qonun bilan pensiyadan ushlab qolishlar bo‘yicha ham yangi kafolat joriy etilmoqda. Amaldagi tartibda jarima, aliment, kommunal va boshqa qarzlar uchun pensiyaning 50% igacha ushlab qolish mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra esa, barcha ushlab qolishlardan keyin pensionerga to‘lanadigan summa rasman belgilangan minimal iste’mol xarajatlari — 715 ming so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak.
Masalan, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 918 ming so‘m bo‘lsa, amaldagi maksimal 50% lik ushlab qolishdan keyin pensionerga 459 ming so‘m qolishi mumkin. Yangi norma bunday holatlarda to‘lov miqdorini 715 ming so‘mdan pastga tushirmaslikni nazarda tutadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur kafolat har yili qariyb 45 ming nafar pensionerga ta’sir qiladi. Norma 2026-yil 16-fevraldagi Prezident farmonida ham nazarda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ