O‘zbekistonda paxta va bug‘doy yetishtiruvchilar uchun yangi kompensatsiya va subsidiyalar joriy etiladi

Xususan, kredit foizlari hamda dizel xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi

O‘zbekistonda paxta va bug‘doy yetishtiruvchilar uchun yangi kompensatsiya va subsidiyalar joriy etiladi

Prezidentning “Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2026-yil hosilidan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan fermer va klasterlarga bir qator kompensatsiya hamda subsidiyalar ajratiladi.

Farmonga muvofiq, paxta xomashyosi yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga kredit foizlarining 2,5% lik punkti kompensatsiya qilinadi. Agar kredit hosil yilining yakuniga qadar, ya’ni 31-dekabrgacha to‘liq qaytarilsa, foiz to‘lovlarining 5% lik punkti qoplab beriladi.

Shuningdek, bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar to‘liq so‘ndirgan xo‘jaliklarga kredit foizining 4% lik punkti kompensatsiya qilinadi.

Farmonda paxta-to‘qimachilik klasterlari va paxta xomashyosini qayta ishlash hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega korxonalarni qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, paxta xomashyosini xarid qilish uvhun ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan foizlarning 8% punktidan yuqori, biroq 16% punktidan oshmagan qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash mexanizmi ham joriy etiladi. 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja orqali xarid qilingan hаr bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 mln so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ayrim vakolatlari Agrar sohada to‘lovlar agentligiga o‘tkaziladi.

Xususan, agentlik qishloq xo‘jaligi subyektlariga o‘z mablag‘lari va tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini бирjada sotishda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining bir qismini qoplash bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga o‘z mablag‘lari hisobiidan xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplab berish vakolati ham agentlikka o‘tkaziladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 175 mln so‘mdan oshgan operatsiyalar ustidan nazorat kuchaytiriladi
/
O‘zbekistonda 175 mln so‘mdan oshgan operatsiyalar ustidan nazorat kuchaytiriladi
ILMA Global Insurance Group sug‘urta kompaniyasi litsenziyasini bekor qildi
/
ILMA Global Insurance Group sug‘urta kompaniyasi litsenziyasini bekor qildi
O‘zbekistonda banklar birinchi chorakda 5,5 trln so‘mdan ortiq foyda oldi
/
O‘zbekistonda banklar birinchi chorakda 5,5 trln so‘mdan ortiq foyda oldi