“O‘zIQMK” obligatsiyalari bilan 65,5 mlrd so‘mlik REPO bitimlari amalga oshirildi

Operatsiyalar obligatsiyalar bozorida likvidlikni oshirish, moliyaviy resurslar aylanmasini jadallashtirishga xizmat qiladi

“O‘zIQMK” obligatsiyalari bilan 65,5 mlrd so‘mlik REPO bitimlari amalga oshirildi

“Toshkent” Respublika fond birjasi savdo tizimida “O‘zbekiston Ipotekani Qayta Moliyalashtirish Kompaniyasi” (“O‘zIQMK”) AJ tomonidan chiqarilgan obligatsiyalar bilan yirik hajmdagi REPO bitimlari amalga oshirildi.

Fond birjasi ma’lum qilishicha, ushbu amaliyot Prezidentning 2025-yil 21-fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ipoteka obligatsiyalarini birja orqali joylashtirish va ularning ikkilamchi bozordagi muomalasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.

Joriy yilning 6-iyul kuni “O‘zIQMK” korporativ obligatsiyalari bo‘yicha umumiy qiymati 65,5 mlrd so‘mlik REPO bitimlari tuzildi.

Qayd etilishicha, mazkur operatsiyalar obligatsiyalar bozorida likvidlikni oshirish, moliyaviy resurslar aylanmasini jadallashtirish hamda bozor ishtirokchilari uchun qisqa muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Fond birjasi ushbu bitimlar “O‘zIQMK” obligatsiyalariga investorlar qiziqishi ortib borayotganini, shuningdek, “Toshkent” Respublika fond birjasi savdo tizimida REPO operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur infratuzilma samarali ishlayotganini tasdiqlashini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, REPO bitimlari qimmatli qog‘ozlarni keyinchalik qayta sotib olish sharti bilan sotish mexanizmi bo‘lib, ular bozor ishtirokchilariga qisqa muddatli likvidlikni ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi.

“Toshkent” Respublika fond birjasi kapital bozorida zamonaviy moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish, korporativ va ipoteka obligatsiyalari bozori likvidligini oshirish hamda investorlar uchun yangi imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ma’lum qildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda bozorlar uchun “E-bozor” yagona raqamli platformasi ishga tushiriladi
/
O‘zbekistonda bozorlar uchun “E-bozor” yagona raqamli platformasi ishga tushiriladi
Yarim yilda tadbirkorlarga nisbatan soliq tekshiruvlari 8,6 mingtaga kamaygan
/
Yarim yilda tadbirkorlarga nisbatan soliq tekshiruvlari 8,6 mingtaga kamaygan
“O‘zbekneftgaz” dizel yoqilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlarini bajara olmadi
/
“O‘zbekneftgaz” dizel yoqilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlarini bajara olmadi