“O‘zbekneftgaz” dizel yonilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarini bajara olmadi
Kompaniya buni geosiyosiy vaziyat tufayli xomashyo importi cheklangani bilan izohladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“O‘zbekneftgaz” 2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra debitor qarzdorlikni 1,2 trln so‘mga, xarajatlarini esa rejaga nisbatan 1 trln so‘mga qisqartirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yilning birinchi yarmi yakunlari va yil oxirigacha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, qarz yelkasi 2025-yil yakunidagi 3,1 barobardan 2,7 barobargacha kamaygan. Yuqori foizli kreditlarni qayta moliyalashtirish va muddatidan oldin so‘ndirish natijasida foiz xarajatlaridan 219 mlrd so‘m iqtisod qilingan.
Shuningdek, debitor va kreditor qarzdorliklarni boshqarish tizimi qayta ko‘rib chiqilib, har bir kontragent bo‘yicha alohida nazorat mexanizmi joriy etilgan.
Neft bazalari zarar o‘rniga foyda ko‘rdi
Hisobotda neft bazalari faoliyatidagi ijobiy natijalar ham qayd etildi. O‘tgan yilning birinchi yarmida kompaniya tasarrufidagi 14 ta neft bazasi 36,5 mlrd so‘m zarar bilan ishlagan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 250 ming tonna avtobenzin va 114 ming tonna dizel yonilg‘isi realizatsiya qilinib, faoliyat 5,4 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlangan.
Boshqaruv raisi mahsulotlar hisobini to‘liq shaffof yuritish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, sifat nazoratini qat’iylashtirish hamda talon-torojlikning oldini olish maqsadida neft bazalari operatorlarini moddiy rag‘batlantirish va ularning ish haqini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda dizel yonilg‘isi va mazut ishlab chiqarish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmagani tanqid qilindi. Kompaniya buni geosiyosiy vaziyat sabab xomashyo importidagi cheklovlar bilan izohladi.
Mas’ullarga vaziyatni chuqur tahlil qilish, sabablarni aniqlash hamda yil yakunigacha reja ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha choralar ishlab chiqish topshirildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik kuchaytiriladi
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri bo‘ldi. Ishlab chiqarish obyektlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, yonilg‘i-moylash materiallari va avtobenzin zaxiralarini oldindan shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni jadallashtirish vazifasi belgilandi.
Bundan tashqari, elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish maqsadida energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish va o‘z energiya quvvatlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Gaz qazib chiqarish yo‘nalishida tugatilgan quduqlarni qayta tahlil qilish, texnik jihatdan yaroqli quduqlarni ishga tushirish, geologik-texnik tadbirlarni jadallashtirish hamda yil yakuniga qadar har bir quduq faoliyatini soatbay monitoring qilish topshirildi.
Gaz qazib chiqarish va qayta ishlash ko‘rsatkichlari pasayishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlardan vaziyat bo‘yicha tushuntirish xatlari va kamchiliklarni bartaraf etish rejalari talab qilinadi.
Yig‘ilishda Xitoy hamkorlari bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish, belgilangan muddatlarga rioya qilish va mas’uliyatni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar ishchilar uchun yana 26 ta yotoqxona va 17 ta vagon uyi kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ