1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilmoqda
Ikki davlat vakillari 30 kundan 90 kungacha viza talablaridan ozod qilinadi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi. Bu haqda TIV ma’lum qildi.
Ko‘rsatilgan xalqaro shartnomaning qoidalariga binoan, Bitim 2025-yil 1-iyundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zaro bitimga muvofiq, O‘zbekiston va Xitoy fuqarolari bir-birining hududiga vizasiz kirish, chiqish va tranzit qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tartib faqatgina 30 kungacha bo‘lgan qisqa muddatli safarlar uchun amal qiladi.
Asosiy shartlar quyidagicha:
- Har bir kirishda mamlakat hududida qolish muddati 30 kundan oshmasligi lozim;
- Har qanday 180 kunlik davrda umumiy bo‘lish muddati 90 kundan oshmasligi kerak;
- Agar safar 30 kundan ko‘proq davom etsa, oldindan viza olinishi zarur;
Vizasiz rejim mehnat faoliyati, o‘qish va media faoliyati bilan shug‘ullanish, shuningdek, boshqa tomon vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ko‘rsatilgan bitim Xitoyning Gongkong va Makao maxsus maʼmuriy hududlariga tashrif buyurishga nisbatan amal qilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ