Suriyaning Halab shahrida O‘zbekiston–Suriya Savdo uyi ochildi
Bundan tashqari, “SamFerre” kompaniyasi elektrotexnika sohasida hamkorlik memorandumini imzoladi
Foto: Savdo-sanoat palatasi
Joriy yilning 21-may kuni Suriyaning Halab shahrida O‘zbekiston–Suriya Savdo uyi va distribyutsiya markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Savdo sanoat palatasi.
Yangi markaz ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.
Savdo uyi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “Ahmad Kalash Ltd” kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Ochilish marosimida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov, O‘zbekistonning Quvaytdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ayubxon Yunusov hamda ikki mamlakatdan 100 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etdi.
Mazkur markaz O‘zbekiston mahsulotlarini Suriya bozoriga olib kirish, logistika va distribyutsiya tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko’ra, O‘zbekistondan Halab shahriga bitta konteynerni yetkazib berish o‘rtacha 10 kun vaqt oladi va transport xarajatlari taxminan $2,5 mingni tashkil etadi.
Shuningdek, markaz orqali “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlarni Suriya bozorida faol targ‘ib qilish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda yangi eksport yo‘nalishlarini shakllantirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi “SamFerre” kompaniyasi Suriya Arab Respublikasida o‘tkazilayotgan Suriya–O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida hamkorlik memorandumini imzoladi. Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida elektrotexnika sanoati sohasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.
Kelishuvda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika mahsulotlarini Suriya bozoriga yetkazib berish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda ikki tomonlama hamkorlikning barqaror yo‘llarini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Eksport yetkazib berishlarini amalda yo‘lga qo‘yishga va ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ