Kasb o‘rganayotgan yoshlarga 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Xususiy o‘quv markazlari ko‘chmas mulkni foizsiz bo‘lib to‘lash asosida sotib olishi, fuqarolar esa “kasbiy vaucher” orqali imtiyozli ta’lim olishi mumkin bo‘ladi
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va xususiy ta’lim sektorini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda yosh tadbirkorlar soni yaratilgan sharoitlar hisobiga besh baravar oshib, 287 ming nafarga yetgan. “Yoshlar daftari” orqali 1,5 mln nafar fuqaro ta’lim olish, ishga joylashish va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, yangi tashkil etilgan ta’lim markazlarida 3,5 mln kishi xorijiy tillarni o‘rganmoqda. So‘nggi ikki yilda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik darajasi 2,5 baravarga kamaygan.
Davlat rahbari inson kapitalini rivojlantirish va bilim hamda texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish muhimligini ta’kidlab, bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Rejalarga ko‘ra, har yili 500 ming nafar fuqaroni zamonaviy kasblarga o‘qitish maqsadida xususiy ta’lim markazlarini qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Buning uchun o‘quv markazlari qurilishi mo‘ljallangan yer uchastkalari va binolar onlayn auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Xaridorlarga ushbu obyektlarni besh yil muddatga foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, davlat infratuzilma tarmoqlarini olib kelishda ham ko‘maklashadi.
Davlat budjeti hisobidan o‘quv markazlarini qurish va jihozlash uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 7% igacha qismi qoplab beriladi. Shuningdek, xorijiy o‘quv metodikalarini joriy etish va chet ellik mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50% i ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Yangi tizim doirasida “kasbiy vaucher” mexanizmi ham ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, har yili 50 ming nafargacha fuqaro malakasini oshirish va yangi kasb egallash uchun foizsiz qarz olishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalardagi 85 ming nafar ishsiz fuqaro o‘quv markazlarida bepul ta’lim olish uchun vaucher bilan ta’minlanadi. Joriy yilda ushbu tizimni moliyalashtirish uchun 120 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Prezident xorijiy tillarni biladigan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Bugungi kunda ularning soni 650 ming nafardan oshgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi “raqamli kontent” platformasi ishga tushiriladi. Ushbu loyiha uchun har yili 20 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, xorijda tahsil olayotgan va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilayotgan talabalarni grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ham joriy etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ