Oltin narxi sakkiz oy ichida ilk bor $4 mingdan pastladi
AQSHdagi foiz stavkalari bo‘yicha kutilmalar kuchayishi fonida qimmatbaho metall rekord darajadan qariyb 30% arzonlashdi
Фото: ТАСС
Oltin narxi 2025-yil noyabridan buyon ilk bor bir troya unsiyasi uchun $4 mingdan pastga tushdi. Qimmatbaho metall AQSH federal zaxirasi (FED) iyun oyidagi yig‘ilishidan so‘ng boshlangan pasaymoqda.
Bozor ma’lumotlariga ko‘ra, oltin yanvar oyida qayd etilgan tarixiy maksimumdan buyon qariyb 30% ga arzonlashgan. FEDning yangilangan iqtisodiy prognozlari e’lon qilinganidan keyingi davrda esa metall qiymati 4% dan ortiq pasaydi.
Narxlarning tushishiga AQSH pul-kredit siyosati bo‘yicha kutilmalarning o‘zgarishi asosiy omil bo‘ldi. Regulyator foiz stavkalarini o‘zgartirmagan bo‘lsa-da, inflyatsiya prognozlarining oshirilishi va kelgusi yil uchun nisbatan qat’iyroq monetar siyosat signallari bozorlarga bosim o‘tkazdi.
Natijada dollar kursi bir yildan ortiq davrdagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi, AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari daromadliligi esa oshdi. Bu holat odatda oltin uchun salbiy omil hisoblanadi, chunki kuchli dollar metallni xorijiy investorlar uchun qimmatroq qiladi, obligatsiyalar daromadliligining o‘sishi esa foiz daromadi keltirmaydigan aktivlarga bo‘lgan qiziqishni kamaytiradi.
Bozordagi kayfiyatga AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar bo‘yicha xavotirlarning pasayishi ham ta’sir ko‘rsatdi. Energiya resurslari narxlarining tushishi inflyatsion bosimlarni kamaytirib, xavfsiz aktiv sifatidagi oltinga talabni susaytirdi.
FZTning yangi rahbari Kevin Uorshning ilk yig‘ilishdan keyingi qat’iy bayonotlari ham regulyator kutilganidan uzoqroq muddat davomida cheklovchi siyosat yuritishi mumkinligi haqidagi qarashlarni kuchaytirdi.
Pasayish qimmatbaho metallar bozorining boshqa segmentlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Kumush narxi bir kun ichida 5% dan ortiq arzonlashdi, yirik oltin qazib oluvchi kompaniyalar aksiyalari esa Yevropa fond bozorlarida eng ko‘p qiymat yo‘qotgan qimmatli qog‘ozlar qatoridan joy oldi.
Tahlilchilar fikricha, $4 ming darajasining yo‘qotilishi psixologik jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu chegaraning buzilishi qisqa muddatda oltin bozoridagi sotuvlar bosimini yanada kuchaytirishi mumkin.
Endilikda investorlar diqqati AQSHdagi inflyatsiya, mehnat bozori va yalpi ichki mahsulot bo‘yicha yangi statistik ma’lumotlarga qaratilgan. Mazkur ko‘rsatkichlar FZTning keyingi qarorlari va oltin narxining kelgusi yo‘nalishini belgilab berishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ